21:40 / 19.10.2018
9013
O‘zbekiston va Rossiya hamkorlikda rus tili o‘qituvchilarini tayyorlaydi
Foto: Xalq ta'limi vazirligi

Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamda Rossiyaning A.S. Pushkin nomidagi rus tili davlat instituti hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Ushbu shartnoma Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, hujjat institut rektori Nargiz Rahmonqulova va Pushkin nomidagi rus tili davlat instituti rektori Margarita Rusetskaya tomonidan imzolangan.

Mazkur hujjat doirasida ta'lim muassasalarining rus tili o‘qituvchilarini tayyorlash va rus tilini o‘qitish hamda targ‘ib etish uchun qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishga kelishib olingan.

Jumladan, tomonlar rus tilini o‘qitish bo‘yicha ta'lim-metodik materiallar ishlab chiqish va moslashtirish uchun qo‘shma mualliflar jamoalari tuzishadi. Tashkilotlar kelgusida ilmiy va amaliy tajriba almashishga kelishib olgan.

O‘quv muassasalari rus tilini o‘qitish, innovatsion pedagogik texnologiyalar va boshqa mavzularga bag‘ishlangan ta'lim, ilmiy-tadqiqot, maslahat seminarlar, konferensiyalar, vebinarlar, forumlar va turli kurslar tashkil etishga kelishib olishgan.

«Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi o‘qituvchilarning O‘zbekistonda va Rossiyada amaliyot o‘tishlari va malaka oshirishini tashkil etish bo‘ladi. Bu pedagoglarning mahoratini oshirish, rus tilini o‘qitish bo‘yicha tajribalarni o‘rganish va ta'lim jarayoniga joriy etishga ko‘mak beradi.

Tomonlar rus tilini mavqeyini saqlab qolish, uni o‘qitilishi va o‘rganilishini mustahkamlash maqsadida madaniy-ta'lim va ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etishni rejalashtirdilar.

Shu bilan birga Rossiya delegatsiyasi tarkibidagi rus tili elchilari va Rossiya o‘quv muassasalari vakillaridan iborat bo‘lgan mehmonlar Toshkent shahrida joylashgan 10-sonli umumta'lim maktabiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida umumta'lim muassasasining faoliyati va bolalarni rus tilida o‘qitish jarayoni bilan tanishdilar.

Shuningdek, delegatsiyasi vakillari maktabda o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari tomonidan tashkil etilgan Aleksandr Pushkin muzeyi eksponatlari bilan tanishdilar», deyilgan vazirlik xabarida.

Mavzu
Putinning O‘zbekistonga tashrifi
18-19 oktabr kunlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonga tashrifini amalga oshiradi. Ushbu tashrif doirasida taxminan 20 milliard dollarlik bitim va shartnomalar imzolanishi kutilmoqda
Barchasi
Top