16:59 / 20.10.2018
17685
Bozorlarda narxlarni sun'iy oshirmaslik bo‘yicha taklif berildi 
Foto: LiveJournal

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida bozorlarda narxlar sun'iy oshirilmasligi uchun dehqon bozorlarini xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga aylantirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

“Bugungi kunda yurtimiz dehqon bozorlarida mo‘l-ko‘lchilik, mahsulotlar to‘kin-sochinligini ko‘ramiz. Lekin shuni aytish joizki, bozorlarimizdagi ko‘plab “uddaburon tadbirkorlar” (dallol, olibsotar) halol tadbirkorlikka amal qilishmaydi. Bozorlarda chorshanba va yakshanbadan tashqari kunlarda dehqonlarni uchratish qiyin”, - deya yozadi muallif. 

Qayd etilishicha, olibsotarlarning tartibga solinmagan faoliyati bozorga kelgan dehqon va fermerlarga mahsulotini sotishdan oldin bozordagi sun'iy oshirilgan narxlardan xabardor bo‘lib, keyin sotishiga olib kelmoqda. Bu esa narxlarning yanada oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Ko‘p hollarda iste'molchi mahsulotning uchinchi yoki to‘rtinchi xaridori bo‘lmoqda. Olibsotarlarning narxlarni sun'iy oshirib sotishi bozordagi narxlarni ham oshirib yubormoqda. Ular faqat bozordagi joy o‘rni uchun patta to‘laydilar.

“Taklifim: dehqon bozorlarini “xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot” maqomiga o‘tkazish kerak. Ya'ni bozorlar mahsulot yetishtiruvchilardan sotib olingan mahsulotni iste'molchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazishi kerak. 

Buning uchun, dehqon bozorlarining ishchilari sonini oshirish, monitoring va logistika bo‘limlarini tashkil qilish lozim. Dehqon bozori mas'ullari dehqonlar hamda fermerlar tomonidan olib kelingan mahsulotlarni sotish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishi, bozor hududi va unga yaqin joylarda omborxonalar, muzlatgichlar tashkil qilib, meva, sabzavotlar va poliz ekinlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholiga yetkazilishini ta'minlashi kerak. 

Natijada yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lib, dehqon bozorlarimizda narx-navoning “sun'iy” oshib ketishi oldi olinadi”, - deydi murojaat muallifi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bemorlarni bepul dorilar bilan ta'minlash ustidan nazoratni kuchaytirish taklif etilgandi.

Top