10:07 / 20.10.2018
10997

OTM talabalarini yotoqxona bilan ta'minlash haqida petitsiya paydo bo‘ldi

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida oliy ta'lim muassasalari talabalarini turar joy (yotoqxona) bilan ta'minlash haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, ushbu murojaat orqali respublikadagi oliy ta'lim muassasalari tomonidan yotoqxonaga ehtiyoji bo‘lgan barcha talabalarni yotoqxona bilan ta'minlash masalasini hal qilish kerak. 

“Hozirgi kunda respublikamiz OTMlarida ta'lim olayotgan talabalarning kattagina qismi olis tuman va qishloqlardan kelishadi. Bu talabalar o‘z oilasidan uzoq bo‘lgan vaqtda ta'lim olish hamda uy-ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanishiga to‘g‘ri keladi. Bunda talabalar kimning uyida va qanday ahvolda ijarada turishini ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring-chi. Talabalar yotoqxonalari nomiga, yetarli sharoitga ega bo‘lmagan yotoqxonalar bo‘lmasligi kerak. Buning uchun talabalar yotoqxonasidagi shart-sharoitlarga qo‘yiladigan me'yorlarni ham belgilash kerak”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Bildirilishicha, OTMlar oldiga yotoqxonalar muammosini hal etish bo‘yicha talab qo‘yiladigan bo‘lsa, ular quyidagi chora va yechimdan birini tanlashi mumkin bo‘ladi: 

1) qo‘shimcha yotoqxonalar barpo etish va mavjudlarini ta'mirlash; 
2) autsorsingdan foydalanish, biroq bu jarayonda xususiy sektor bilan shartnomani faqat oliy ta'lim muassasasi tuzishi shart; 
3) oliy ta'lim muassasalarining filiallarni tashkil qilish; 
4) masofaviy ta'lim tizimini joriy qilish.

“Bu taklif amalga oshirilsa, talabalarning sifatli ta'lim olishiga imkoniyat yaratilib, ular o‘rtasida jinoyatchilik va boshqa salbiy holatlar kamayishiga xizmat qiladi”, - deydi murojaat muallifi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq pensiya miqdorini yoshga qarab belgilash taklif etilgandi.

Top