18:42 / 20.10.2018
14196

JARda mudhish YTH, 27 kishi halok bo‘ldi

Foto: AP

Janubiy Afrika Respublikasi shimolidagi Limpopo provinsiyasida mikroavtobus va yana bir nechta avtomobil ishtirokidagi yirik YTH oqibatida yigirma yetti kishi, jumladan, ikki nafar yosh bola halok bo‘ldi. Bu haqda News 24 portali politsiya vakiliga asosan xabar qilmoqda.

Hodisa juma kuni tushdan keyin Keyptaun va Beytbrijni bog‘laydigan avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Mahalliy politsiya vakili Moatshe Nyupening so‘zlariga ko‘ra, voqea oqibatida to‘rt kishi jarohat olgan, ularning bari shifoxonaga yotqizilgan.

«Soat taxminan 14:30da (Toshkent vaqti bilan 17:30) N1 yo‘li bo‘ylab janubga qarab harakatlanib ketayotgan sementli yuk mashinasi boshqaruvni yo‘qotdi va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, u yerda boshqa avtomashinalar bilan to‘qnashdi», - dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, ulardan biri 22 o‘rinli Mercedes Benz mikroavtobusi bo‘lgan.

Politsiya ushbu hodisaning aniq sababini aniqlashtirmoqda. Limpopo provinsiyasi transport boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, yuk mashinasi haydovchisi avtomobilning shinasi yorilib ketgani tufayli transport vositasi boshqaruvini yo‘qotgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 9 oy davomida YTH oqibatida necha kishi halok bo‘lgani aytilgandi.

Mavzuga oid
Top