11:50 / 23.10.2018
39544

Bo‘ka tumaniga yangi prokuror tayinlandi. U Bobomurod Abdulla ishida qoralovchi bo‘lgandi

Foto: Xalqaro Press-klub

Toshkent viloyati Bo‘ka tumaniga yangi prokuror tayinlandi. «Kun.uz» manbasi xabar berishicha, endilikda bu lavozimni Bahrom Qobilov egallagan. 

Sobiq prokuror 14 oktabr kungi selektor vaqtida paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlaridagi kamchiliklar uchun ishdan olingan prokurorlar ichida bo‘lgan.

Bahrom Qobilov turli yillarda Toshkent shahar Mirobod tumani prokuraturasida tergovchi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasida alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchi lavozimlarida ishlagan.

Keyinroq boshqarma prokurori, shu yilning may oyida esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Kolenko Yevgeniy Vyacheslavovich o‘rniga boshqarma boshlig‘i o‘rinbosariga aylangandi.

Prokuror Bahrom Qobilov jurnalist Bobomurod Abdulla ishida davlat qoralovchisi sifatida ishtirok etgandi.

U shu yilning iyunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimidan iste'foga chiqqandi va Toshkent viloyati prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyatini davom ettirayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, 12 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga tashrif buyurib, paxta terimini ko‘zdan kechirgandi. Prezident tashrifi davomida qator kamchiliklar aniqlangan. Ayrim davlat amaldorlarining faoliyati tanqidga uchragan.

Mavzu
Paxta-2018
O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi mavsumi bo‘lib o‘tmoqda
Barchasi
Top