17:20 / 24.10.2018
21379

Samarqand shahrida 17 kishi hot-dogdan zaharlandi

22 oktabr kuni Samarqand viloyati Samarqand shahrida ovqatdan zaharlangan 17 kishi shifoxonaga murojaat qildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi «Kun.uz»ga Samarqandda kuzatilgan guruhli ovqatlanishdan zaharlanish bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 22 oktabr kuni soat 13.00dan 23 oktabr soat 17.45ga qadar 17 kishi ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i, qorin sohasida og‘riq, 4-5 marta ich ketishi, tana harorati ko‘tarilishi, holsizlik kabi kasallik belgilari bilan murojaat qilishgan. Shifokorlar ko‘rigidan so‘ng ularga «Ovqat toksikoinfeksiyasi, o‘rta og‘ir darajasi» birlamchi tashxisi qo‘yilib, kasalxonaga yotqizilgan. Bemorlarning 11 nafari erkak, 3 nafari ayol, 3 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Bemorlardan 4 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, 13 nafari esa yengil. Shifoxonada bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda, dori-darmon zaxiralari yetarli. Bemorlardan laboratoriya tahlili uchun biologik namunalar olingan», deyiladi xabarda.

O‘tkazilgan birlamchi epidemiologik surushtiruv natijasida aniqlanishicha, bemorlar 21-22 oktabr kunlari Samarqand shahri, Sartepa mavzesidagi «Tabiat saxovati» dehqon bozori yonidagi kioska ko‘rinishidagi budkada fuqaro G‘ulom Murodov tomonidan sotilayotgan hot-dogdan iste'mol qilishgan. Hot-dog tarkibida non, sabzi salat (markovcha), bodring, pomidor, suvda pishirilgan tuxum, pishirilgan kolbasa, sosiska, ketchup va uy sharoitida tuxum va o‘simlik moyidan tayyorlangan mayonez bo‘lgan.

G‘ulom Murodov o‘z faoliyatini o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirmasdan, tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan, noqonuniy ravishda olib borgan. Hot-dog tayyorlangan budka sanitariya-gigiyena talablariga mutlaqo javob bermaydi, ichimlik suvi bilan ta'minlanmagan, mahsulotlarni saqlash va sotish uchun talab etiladigan sanitariya sharoitlari yo‘q. Hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan Murodovga nisbatan ma'muriy ish qo‘zg‘atilib, jarima solingan va uning faoliyati to‘xtatildi. Mahsulotlardan laboratoriya tahlili uchun namunalar olingan, qolgan mahsulotlar esa savdodan olinib, belgilangan tartibda yo‘q qilingan.

«Kasallik qayd etilgan hududda respublika, viloyat va Samarqand shahar sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari tomonidan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o‘tkazilmoqda. Samarqand shahrida qayd etilgan mazkur vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan», deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan avvalroq OAVda Sartepa massivida joylashgan Turizm kolleji yaqinidagi fast-fud taomlar tayyorlaydigan tamaddixonasida hot-dog iste'mol qilganlar ommaviy zaharlanishgani haqida xabarlar tarqalgandi. «Kun.uz» muxbiri voqea joyida bo‘lib aniqlashicha, voqea boshqa bir tamaddixonada, faoliyat boshlaganiga endi 3 kun bo‘lgan budkada ro‘y bergan.

Kollej yaqinida San'at Mustafoyev boshqaruvidagi tamaddixona esa faoliyat ko‘rsatishda davom etmoqda.

Top