8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

09:48 / 25.10.2018 8184

Biznesga noqonuniy aralashuv: ma'muriy jarimalar 2 baravar oshirildi, jinoiy sanksiyalar kuchaytirildi

Foto: Depositphotos

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning XVI(1)-bobi va Jinoyat kodeksining XIII(1)-bobiga kiritilgan tuzatishlar Norma tomonidan ko‘rib chiqildi.
 
Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, qonunga xilof ravishda aralashganlik hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa huquqbuzarliklar uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.
 
Xususan, tegishli huquqbuzarliklar uchun ma'muriy jarimalarning aksariyati ikki baravar oshirildi. MJTKning XVI(1)-bobiga kiruvchi deyarli barcha moddalarga, ya'ni mazkur sohadagi ma'muriy huquqbuzarliklarning barcha turlariga o‘zgartirishlar kiritilganligini ham qayd etib o‘tish lozim.
 
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar bu qadar keskin tusda emas.
 
Birinchidan, barcha moddalarga tuzatishlar kiritilmadi: JKning 192(9)-moddasi (tijoratda pora evaziga og‘dirib olish), JKning 192(10)-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish) va JKning 192(11)-moddasidagi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilish) sanksiyalar o‘zgarmadi.  
 
Ikkinchidan, jinoiy-huquqiy sanksiyalarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular muqobil sanaladi, ya'ni sodir etilgan harakat uchun har xil jazo turlarini (masalan, jarima yoki ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish) qo‘llash imkonini nazarda tutadi. Muayyan modda sanksiyasida har bir turdagi jazo miqdorlari «…dan …gacha» tabaqalashtirilib ko‘rsatiladi, mohiyatan olganda, uning eng kam va eng ko‘p miqdorlari belgilanadi. Har bir dalil bo‘yicha alohida jazoning aniq turi va miqdori sud tomonidan ishning holatlari, ayblanuvchining shaxsi, yumshatuvchi yoki og‘irlashtiruvchi holatlar va boshqalardan kelib chiqib belgilanadi.  
 
Shu munosabat bilan qonun chiqaruvchi ayrim hollarda sanksiyada nazarda tutilgan boshqa jazo turlariga tegmay, ulardan birining (masalan, jarimaning) ahamiyatini oshirdi. Ilgari ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilmagan ayrim moddalarga mazkur jazo turi joriy etildi. Jazoning yumshoqroq turlari (masalan, majburiy jamoat ishlari) tarkibidan chiqarib tashlangan sanksiyalar ham mavjud.
 
Shu tariqa, barcha hollarda tuzatishlar bilan biznes yuritishga noqonuniy aralashuv uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.
 
Tuzatishlar 23.10.2018 yildan kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq endi tadbirkorlarni homiylikka majburiy jalb etganlar uch yildan besh yilgacha qamalishi mumkin ekani xabar berilgandi.

Top