00:20 / 25.10.2018
11244

Jurnalistning o‘ldirilishi Saudiya Arabistoni va Turkiya munosabatlariga rahna sola olmaydi

Foto: Anadolu Agency

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 24 oktabr kuni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan telefon muloqotini o‘tkazdi. 

Turkiya yetakchisi ma'muriyati matbuot xizmatidan "Anadolu" agentligiga ma'lum qilinishicha, telefon muloqoti Saudiya tomon tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan.

Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligida saudiyalik jurnalistning o‘ldirilishini har tomonlama o‘rganish doirasida qo‘shma harakatlar bo‘yicha fikrlar almashildi. 

Valiahd shahzodaning shu kunlarda Ar-Riyodda bo‘lib o‘tayotgan Future Investment Initiative (FII)forumida aytgan so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha jinoyatni fosh etish uchun Turkiya bilan hamkorlik qiladi. 

Uning ta'kidlashicha, ba'zi doiralar Ar-Riyod va Anqara o‘rtasida yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib qolmoqchi. 
"Saudiya Arabistoni va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarga raxna solish istagidagi kuchlar mavjud. Biroq Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdul Aziz, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an janoblari bor ekan, ular bunga erisha olishmaydi", - deya ta'kidlagan valiahd shahzoda. 

Shuningdek, u Saudiya Arabistoni va Turkiya hukumatlari bu boradagi hamkorliklarini amalda isbotlashlari hamda adolat oxir-oqibat g‘alaba qozonishini qo‘shimcha qilgan. 

Mavzu
Jamol Qoshiqchining o‘limi
The Washington Post nashri uchun ishlaydigan jurnalist Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosiga kirib ketgach, izsiz yo‘qoldi
Barchasi
Top