17:35 / 26.10.2018
5521

“Yosh biznes trenerlar assotsiatsiyasi”ni tuzish taklif etildi

Kuni kecha Toshkent viloyatining Bo‘stonliq  tumanida joylashgan “Yoshlar oromgohi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi, uning hududiy bo‘linmalari xodimlari va yosh biznes trenerlar uchun Respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.

O‘quv-seminar Respublikaning barcha tuman va shaharlarida aholiga, xususan, yoshlarga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatuvchi, tadbirkorlik sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni targ‘ibot qiluvchi yosh biznes trenerlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi, uning hududiy bo‘linmalari faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida o‘tkazildi.

Ishtirokchilar uchun treninglar va amaliy mashg‘ulotlar 6 ta guruhga bo‘lingan holda xalqaro biznes trenerlar tomonidan tashkil etildi. O‘quv seminarda respublikaning barcha tuman-shaharlaridan 260 nafar yoshlar ishtirok etib, bilim va ko‘nikmalarini oshirdi. 

“Biznes bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoshlarda, avvalo tadbirkorlik tafakkurini shakllantirish kerak”

- Biz yosh biznes trenerlarni, eng avvalo, prezidentimiz, hukumatimiz tomonidan chiqarilayotgan eng so‘nggi qonun hujjatlari, qaror, farmonlar bilan tanishtirdik. Chunki ertaga ular ushbu yangiliklarni o‘z hududidagi tengdoshlariga yetkazishda ko‘prik vazifasini o‘taydi.  Bu jarayonni biz turli interaktiv metodlar orqali amalga oshirdik. Chunki yosh trener  xalqona, sodda usulda boshqa yoshga ham ushbu ma'lumotlarni oson tushuntirishi kerak. Bilasizmi, biznes og‘ir soha, biror yosh biznes bilan shug‘ullanishi uchun unda tadbirkorlik tafakkurini shakllantirish kerak. Liderlik, tezkor qaror qabul qilishga o‘rgatish kerak. Biz seminar tinglovchilariga xuddi shu xislatlarni uyg‘otish yo‘llarini tushuntirdik, – deydi biznes trener Alisher Islomov.

O‘quv-seminar davomida hududlar kesimida ishtirokchilar yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga oid bo‘lgan turli mavzularda taqdimot qildilar. Ushbu taqdimotlar ekspertlar (xalqaro biznes trenerlar, Markazning rahbar va mas'ul xodimlari) tomonidan baholab borildi.

Andijon, Jizzax, Xorazm, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona, Buxoro viloyatlari ishtirokchilarining taqdimotlari ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.

Xususan, Andijon viloyati ishtirokchilari tomonidan “Yosh biznes trenerlar assotsiatsiyasi”ni tuzish taklifi ilgari surildi. 

– Bizning loyihalarimizdan biri Andijon viloyatida “Yosh biznes-trenerlar” assotsiatsiyasi tashkil etishdir. Bu orqali viloyatimizdagi har bir tadbirkorlikka qiziquvchi yoshni tadbirkorlik sohasiga qiziqtirishimiz oson bo‘ladi. Uyushmagan yoshlar uchun tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etib, ularning ham kreditlar olishlarida amaliy yordam bera olamiz, – deydi Yodgorbek Madaminov.

Muammolar va takliflar

Shuningdek, o‘quv-seminar davomida yosh biznes trenerlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Ochiq muloqotda yosh biznes trenerlar faoliyatida uchraydigan muammolar, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish masalalari muhokama etildi.

Muhokamalar davomida quyidagi muammolar aniqlandi:

- bugungi kunda tadbirkorlik qilish istagini bildirgan aksariyat yoshlarda tadbirkorlikka oid bilim-ko‘nikma yetarli darajada shakllanmagan;  

- yurtimizda tajribali biznes trenerlar yetishmaydi, biznes trenerlarni tayyorlash, ularni malakasini oshirib borish bo‘yicha tizim mavjud emas;

- yosh biznes trenerlarni o‘z ustida ishlashga undovchi, ularni o‘sishini ta'minlaydigan daraja beruvchi tuzilma mavjud emas.

O‘quv-seminar yakunida xalqaro biznes trenerlar, soha mutaxassislari tomonidan “Yosh biznes trenerlar maktabi” faoliyatini tashkil etish, yosh biznes trenerlarni tayyorlash, ularni malakasini oshirish, O‘zbekistonda biznes trenerlik sohasini rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqildi.

O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi qoshida Respublika biznes trenerlar Kengashi faoliyatini tashkil etish, yosh biznes trenerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni tajribali biznes trener bo‘lib yetishishi uchun tizimli mexanizm ishlab chiqish va uni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.

Top