10:30 / 28.10.2018
7327

O‘zbekiston Ukraina bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni tiklamoqchi

O‘zbekiston va Ukraina 2019 yilning sentabridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni tiklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Abdualiyev «Interfaks»ga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

«Bu savol kun tartibiga chiqqan, katta ehtimol bilan 2019 yilning sentabrida parvozlarni boshlaymiz. Avvaliga bu masalalar ikki mamlakatning aviatsiyasi vakillari o‘rtasida muhokama qilinadi», degan u aviaqatnov tiklanishi ehtimoli bo‘yicha savolga.

Elchining aytishicha, 2018 yilning birinchi yarim yilida O‘zbekistonga 6620 nafar ukrainalik tashrif buyurgan. Ulardan bir qismi qarindoshlarini ziyorat qilish uchun, yana bir qismi biznes bo‘yicha kelgan.

Elchixona shuningdek, «biznes+turizm» bo‘yicha o‘z dasturiga ega. «Elchixonamiz orqali ko‘plab ukrainaliklar O‘zbekistonga borishadi. Ular biznes bo‘yicha ishlarini hal qilishganlaridan keyin o‘zbekona mehmondo‘stligimizdan bahramand bo‘lishadi», deya qayd etgan u.

«O‘zbekiston fuqarolari ham dam olish uchun Truskavetsga tez-tez kelishadi, Kiyev ham chiroyli shahar. Hozir aniq raqamlarni ayta olmayman. Eng yaxshi yillarda Truskavetsga O‘zbekistondan 12-13 ming kishi kelgan. Turizm rivojlanishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kerak», degan Abdualiyev.

U hozirda o‘zbekistonliklar Ukrainaga Minsk, Istanbul, Ostona va Olmaota kabi shaharlar orqali parvoz qilayotganini aytib o‘tgan. U keyingi yilda O‘zbekiston Ukraina bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yishiga va bu qadam barchaga yaxshi bo‘lishiga umid bildirgan.

Top