17:58 / 29.10.2018
14608
Bugun «Real»da majlis
Foto: Getty Images

«Real» kecha «El-klasiko»da «Barselona»ga 1:5 hisobida imkoniyatni boy bergach, Yevropa matbuoti jamoa bosh murabbiyi Xulen Lopetegining iste'fosi haqida bong ura boshladi.

Xususan, AS tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, bugun «Real» rahbariyati navbatdan tashqari favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi va unda 52 yoshli mutaxassisning iste'fosi haqida qaror qabul qilinadi. Majlis Toshkent vaqti bilan soat 23:00 da boshlanadi.

El Mundo Deportivo`ning yozishicha, Lopetegining o‘rniga Antonio Konteni olib kelish «Real»ga 10 million yevroga tushadi. «Qaymoqranglilar» aynan shuncha miqdordagi mablag‘ni murabbiyning sobiq klubi «Chelsi»ga to‘lab berishi kerak. Konte va «ko‘klar» o‘rtasidagi bitim 2019 yil oxirigacha mo‘ljallangan va u hali rasman bekor qilingani yo‘q.

Shu bilan birga, beIN Sports muxbiri Tankredi Palmerining aniqlashicha, «Real» prezidenti Florentino Peres bugun Antonio Kontening akasi bilan uchrashadi. Yakuniy kelishuvga erishilgan taqdirda bu haqda ertaga rasman ma'lum qilinadi. Ispaniya kubogi doirasida chorshanba kuni bo‘lib o‘tadigan «Melila»ga qarshi o‘yinda jamoani «Kastilya» ustozi Santyago Solari boshlab tushadi.

Avvalroq Tiempo de Juego nashri 49 yoshli italiyalik Misrdagi ta'tilini muddatidan avval tugatib, Londondagi uyiga qaytib kelgani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, Xulen Lopetegi shu yilning 12 iyunida «Real» bilan 3 yillik shartnomaga imzo chekkan edi. U bu vaqtda Ispaniya terma jamoasini boshqarib turgan, ammo klub bilan bitim imzolangani ma'lum bo‘lgach, lavozimidan ozod etilgandi.

Lopetegi «qirollik klubi» ustozi sifatida ilk o‘yinini UYeFA Superkubogida «Atletiko»ga qarshi o‘tkazgan va qo‘shimcha bo‘limlarda o‘tkazib yuborilgan gollar sabab 2:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi. O‘tgan vaqt davomida ispaniyalik mutaxassis klubni 14 o‘yinda maydonga boshlab chiqib, 6 tadan g‘alaba va mag‘lubiyat, 2 ta durang natija qayd etdi.

La Liganing 10-turidan so‘ng «Real» yetakchi «Barsa»dan 7 ochkoga ortda qolgan holda 9-o‘rinda bormoqda.

Top