8378.04 USD +3.94

9488.13 EUR +77.32

129.09 RUB +2.91

11133.6 GBP +234.69

16:07 / 29.10.2018 10738

Xayriya: Ikki marta infarktni boshdan kechirgan Komiljon akaga yordam qo‘lini cho‘zaylik!

“Yaxshilik qilishga sababchi bo‘lgan kishiga ham yaxshilikka beriladigan savob mislicha xayr yoziladi”, - degan hadisdan ko‘pchiligimizning xabarimiz bor. Kun.Uz tahririyati ayni shu bashoratga inongan holda insonlarni yaxshilikka, o‘zaro mehr-muruvvat ko‘rsatishga yo‘llash maqsadida xayriya aksiyalari o‘tkazib keladi. 

Bu safargi xayriya aksiyasini Toshkent viloyati, Parkent tumani, Qoraqalpoq qishlog‘i, Yoshlik mahallasida istiqomat qiluvchi Komiljon Soliyev xonadonidan o‘tkazishni niyat qildik. 

1976 yilda dunyoga kelgan Komiljon aka endigina qirqqa kirgan qirchillama vaqtida, 2015 yil martida ilk infarktni boshdan kechirdi. Allohning sinovi ekan, 2018 yil iyulda ikkinchi marotaba infarkt bo‘lib qoldi. Shifokorlar Komiljon akaning yurak-qon tomir tizimida tromb borligini aytishgan. 

Facebook'da ko‘rish

Ta'kidlash o‘rinliki, tibbiyot texnologiyasi rivojlangan bugungi kunda bu kabi kasalliklarni davolash imkoniyati mavjud bo‘lib, qon tomiri toraygan va tromb paydo bo‘lgan joylariga “stend” qo‘yib, kengaytirish kerak bo‘ladi. 

Shifokorlar taxminan 3-4ta stend qo‘yish kerakligini, shu bilan birga, uning soni chuqur tekshiruvdan keyin ma'lum bo‘lishini, biroq 3tadan kam bo‘lmasligini aytishgan. Stendning bir donasi esa, 8 mln so‘mdan 23 mln so‘mgacha ekanini hisobga olganda, 4 ta stend qo‘yilganida eng arzoni 32 mln so‘m bo‘ladi. Jarrohlik amaliyoti uchun 4 mln so‘m, maxsus tibbiy uskunada tekshirish narxi 3,5 mln so‘mni tashkil etadi. Bir kunlik koyka narxi va dori-darmonlarni taxminiy qo‘shganda ham 50 mln so‘m atrofidagi mablag‘ni tashkil etadi. 

Rafiqasi bilan 2 farzandni voyaga yetkazayotgan Komiljon aka Parkent tumanidagi mahalliy bozorda temir-tersak olib-sotish bilan shug‘ullanib keladi. Biroq mana 3 oydan oshdiki, to‘shakda yotibdi. Birinchi marta infarkt bo‘lganida hovlisining yarmini 12 mln so‘mga sotib, davolanishga to‘g‘ri kelgan. Komiljon aka farzandlari yosh bo‘lgani sababli davolanishi zarurligini, hovlini sotsa, boshpanasiz qolishi mumkinligidan xayriya aksiyasi o‘tkazib, yurtdoshlaridan yordam so‘rashga qaror qilganini aytdi.

Saxovatpesha yurtdoshlar, bugun ushbu xayriya aksiyasi vositasida yana sizga yuzlanib, yordamga va davolanishga muhtoj Komiljon akaga ham ehson qo‘llaringizni cho‘zishni so‘raymiz. Siz birni bersangiz, Alloh kamida o‘nni beradi, nasib bo‘lsa! Shunday ekan, dunyomiz va oxiratimiz uchun qulay fursatdan foydalanib qolaylik, azizlar! Xayr-ehsonning katta kichigi bo‘lmaydi, imkonimiz darajasida yordam beraylik, duolarda eslaylik!

Mazkur xayriya aksiyasi yakuniga yetdi. Komiljon aka muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Aktsiyada moddiy va duolari bilan ishtirok etganlarga Alloh savoblarini ko‘paytirib bersin!

Tolib Rahmatov tayyorladi

Teglar

Top