8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

17:58 / 29.10.2018 210551

Rasman: Zoyir Mirzayev lavozimidan ozod etildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2018 yil 29 oktabr kuni barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatning har qanday shakl va ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi javobgarligini oshirish to‘g‘risida farmon qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Farmonga muvofiq, g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani bois Zoyir Toirovich Mirzayev O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari lavozimidan ozod etildi.

Zoyir Mirzayev 1968 yil 10 mart kuni Samarqand viloyati Jomboy tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti – oliy. 1994 yilda Toshkent moliya institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2008-2010 yillarda - Samarqand shahar hokimi. 2010 yil 17 dekabrdan 2016 yil 15 dekabrgacha Samarqand viloyati hokimi. 2016 yildan 2018 yilgacha bosh vazir o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, agrosanoat majmuasi rahbari. 2018 yildan - bosh vazir o‘rinbosari - agrosanoat, oziq-ovqat va xalq iste'mol mollari majmuasi rahbari bo‘lib ishlagan.

Avvalroq, 27 oktabr ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bloknot tutgan olti kishining ariq suvida turgani tasvirlangan suratni muhokama qilishdi. Kun.uz muxbirlari surishtiruvi davomida ushbu holat Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, “Abdunosir G‘ulom” fermer xo‘jaligi maydonida yuz bergani aniqlandi.

Kun.uz’ga o‘sha kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Zoyir Mirzayev Oqqo‘rg‘onda, suvga botgan oltovlondan sal narida bo‘lgani haqida tuman hokimi o‘rinbosari Sherzod Murodov aytib bergandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarlarning burchi, mas'uliyati va ma'naviyati masalasiga alohida e'tibor qaratib kelmoqda. 

Davlat rahbari, jumladan, bunday degandi: "Ish yuzasidan talabchanlik qilish boshqa, odamlarning shaxsiyatiga tegish butunlay boshqa narsa. Odamlar ish yuzasidan sizga bo‘ysunishi mumkin, boshqa har qanday masalada siz bilan teppa-teng huquqqa ega ekanini aslo esdan chiqarmang. ...Barchamiz yaxshi bilamiz, xalqimiz oriyatli, nomusli xalq. Xalqimiz barcha narsaga chidashi mumkin, lekin takror-takror aytaman, adolatsizlik va nohaqlikka chiday olmaydi. Haqiqiy rahbar, haqiqiy yetakchi odamlarning bardoshini sinash uchun emas, balki ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, og‘irini yengil qilish uchun rahbar etib tayinlanadi. Barcha bo‘g‘indagi rahbarlar o‘zining odob-axloqi va madaniyati bilan hammaga o‘rnak va namuna bo‘lishi zarur”.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Zoyir Mirzayevning ishdan olinishi kutilayotgani xabar berilgandi.

Top