01:02 / 31.10.2018
16809

Davlat dushmani – Julian Assanj haqiqatgo‘y jurnalistmi, terrorchimi yoki kiberqahramon?

Unga hamma har xil ta'rif beradi – kimlar uchundir u haqiqatgo‘y jurnalist, yana kimlar uchundir terrorchi, yana kimdir uni kiberqahramon deb ataydi. “O‘ta maxfiy ma'lumotlar” tarqatuvchi WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanj OAVdagi eng nufuzli shaxslardan biri hisoblanadi.

Jurnalist korrupsiya va harbiy jinoyatlar bilan bog‘liq tafsilotlarni fosh etish orqali dunyoning eng qudratli davlatlarini xavotirga solgan. U AQShning dushmani deya e'lon qilingan va xalqaro qidiruvga berilgan.

Ko‘chish bilan o‘tgan bolalik

Julian Pol Assanj 1971 yil 3 iyulda Avstraliyaning Tausvill shahrida tug‘ilgan. Ota-onasi u dunyoga kelguniga qadar ajrashib ketishgan. Julian tug‘ilganidan so‘ng onasi ko‘chma teatr egasi Richard Brett Assanjga turmushga chiqadi.

Bo‘lajak fosh etuvchining bolaligi safarlarda o‘tadi. Assanjning o‘gay otasi faoliyati gastrollardan iborat bo‘lgani uchun ular tinmay u yerdan bu yerga ko‘chib yurishadi.

Assanj 9 yoshga to‘lganida onasi turmushidan ajrashadi va musiqachi Gamilton Leyf bilan turmush quradi. Ammo oilaning yangi boshlig‘i bolalarni qurbonlik qiluvchi sekta a'zosi ekanligi ma'lum bo‘lgach, ona-bola qochib ketishadi. Keyingi 5 yil davomida Assanjning hayoti yana ko‘chmanchilikda o‘tadi.

Julian o‘smir yoshida dasturlashga qiziqib qoladi va xakerlar tashkilotiga asos soladi. Uning birinchi qilgan ishi Kanadaning Nortel Networks telekommunikatsiya kompaniyasi markaziy serverini buzish bo‘ladi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi, ammo kompaniyaga arzimas zarar yetkazilgani uchun Julian jarima bilan qutulib qoladi.

Shundan so‘ng Assanj Avstraliyadagi internet-hostinglardan birida administrator bo‘lib ishlaydi. Shu bilan birga xavfsizlik tizimi bilan bog‘liq dasturlar yozadi. Julian bundan tashqari onasi bilan birga bolalar huquqini himoya qilish bo‘yicha loyiha tashkil etadi.

Dunyoni larzaga solgan loyiha

Julian Assanjning asosiy loyihasi 2006 yilda asos solingan WikiLeaks sayti bo‘ldi. U bu sayt orqali dunyoning barcha mamlakatlaridagi hukumatlarning korruptsion faoliyatiga bog‘liq ma'lumotlarni e'lon qilishga kirishdi.

Saytda ilk hujjat 2006 yil dekabrda chop etildi. Bu Somali shayxi Hasan Zohir Uvays tomonidan imzolangan davlat amaldorlarini o‘ldirish haqidagi qaror edi. 2007 yilda Keniyaning sobiq rahbari Daniel arap Moi oilasidagi korrupsiya haqidagi maqola e'lon qilindi. O‘sha yil noyabrida Guantanamo lagerida hibsda saqlanayotganlar uchun yo‘riqnoma chop etildi. Unga muvofiq, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi a'zolari ayrim mahbuslar bilan ko‘rishish huquqiga ega bo‘lmagan. 2008 yil fevralda sayt orqali Shveytsariyaning Julius Baer banki noqonuniy faoliyati oshkor qilindi. O‘sha yil sentabrida AQShdagi saylov kampaniyasi davrida vitse-prezidentlikka nomzod Sara Peylinning elektron pochtasidagi yozishmalar e'lon qilindi.

2009 yil noyabrda saytda 2011 yil 11 sentabrda peyjyerlarga jo‘natilgan 570 mingta xat chop etildi.

WikiLeaks 2010 yil iyulda Afg‘onistondagi urush bilan bog‘liq 92 mingta hujjatni e'lon qildi. Bu hujjatlardan quyidagilar ma'lum bo‘ldi: koalitsiya kuchlari Afg‘onistondagi urushda mag‘lub bo‘lmoqda, harbiylar yuzlab tinch aholini o‘ldirmoqda va bu holat jamoatchilikdan sir tutilmoqda.

Kuz fasliga kelib esa sayt Iroqdagi urushga oid 400 mingga yaqin hujjatni e'lon qildi. 2010 yil noyabrda AQSh diplomatlarining 250 mingdan ortiq maktublari orqali jamoatchilik Saudiya Arabistoni rahbarlari AQShdan Eronga aviazarba berishni so‘raganini hamda jahon yetakchilarining norasmiy tavsiflarini bilib oldi.

2012 yilda WikiLeaks Suriya bilan bog‘liq ikki milliondan ortiq elektron yozishmalarni chop etdi. 2013 yil sentabrda esa maxfiy kuzatuv vositalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotgan 90dan ortiq kompaniyaning 250ta hujjati sayt yuzini ko‘rdi.

Sayt bundan tashqari AQShning Milliy xavfsizlik agentligi bilan bog‘liq qator maxfiy hujjatlarni, Markaziy razvedka boshqarmasining elektron qurilmalarni buzib kirish bo‘yicha global dasturini ommaga e'lon qildi.

Ta'qib

2010 yil avgustda Julian Assanj Shvetsiyada bo‘lib, Wikileaks serverlarini mahalliy Qaroqchilar partiyasi maydonchalarida joylashtirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. So‘ngra uning tashrifi tashkilotchilari bo‘lgan ikki ayol Anna Ardin va Sofiya Vilen Assanjni ularga zo‘rlik ishlatishda aybladi.

Shvetsiya hukumati Assanjga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi va xalqaro qidiruvga berildi. Julian bu ish WikiLeaks saytida AQShning Yaqin Sharqdagi harakatlari haqidagi ma'lumotlar chop etilganidan so‘ng uyushtirilganini ma'lum qildi. Londonda bo‘lgan Assanj politsiyaga taslim bo‘ldi, so‘ngra sud qarori bilan 240 ming funt garov puli evaziga ozodlikka chiqdi.

Shuningdek, jurnalistning PostFinance bankidagi hisob raqami muzlatildi. WikiLeaksʼning PayPal xalqaro to‘lov tizimidagi hisobi yopib qo‘yildi. Visa va MasterCard ham shunday yo‘l tutdi. Assanj va uning tarafdorlarini ta'qib qilish “Feysbuk” va “Tvitter”da ham boshlandi, ularning akkauntlari yopib qo‘yildi, foydalanuvchilarning xabarlari o‘chirib tashlandi.

To‘rt devor orasida

2012 yilda Julian Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasidan boshpana so‘radi. Ekvador bejiz tanlanmagandi, chunki 2010 yildayoq bu davlat TIV unga siyosiy boshpana taklif qilgandi.

U London markazida joylashgan elchixona binosida xavfsizlik maqsadlarida birorta ham derazasi bo‘lmagan xonada yashaydi. 2012 yil sentabrida Assanj Daily Mail gazetasiga bergan intervyusida yashash sharoitlari haqida so‘zlab bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xonada matras, kitob javoni, stol, stullar joylashgan. Assanj kuniga 17 soat ishlaydi, jismoniy holatini me'yorida ushlab turish uchun yugurish yo‘lakchasida bir necha kilometr yuguradi, gimnastika va boks bilan shug‘ullanadi. Quyosh nuridan bahramand bo‘lmagani uchun bu yetishmovchilikni D vitamini va ultrabinafsha lampasi yordamida to‘ldiradi.

2012 yil 27 sentabr kuni AQShda Julian Assanj davlat dushmani deb tan olindi.

Britaniya hukumati uni kuzatish va imkon bo‘lishi bilan qo‘lga olish uchun 8 mln dollar sarfladi.

Assanj adolat tiklanishini so‘rab BMTga bir necha bor murojaat qilgan. 2017 yilda Shvetsiya prokuraturasi tomonidan unga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yopildi. Ammo Julian hamon Ekvador elchixonasida yashamoqda, chunki London politsiyasi uni ta'qib qilishda davom etmoqda.

2018 yil martda Ekvador elchixonasi Assanjni internetdan va tashrif buyuruvchilarni qabul qilish huquqidan mahrum qildi. Elchixonaning bildirishicha, yuqoridagi holatlar Assanjning boshqa davlatlar ishlariga aralashmasligi lozimligi haqidagi kelishuvni buzish hisoblanadi. Bu qaror qabul qilinishiga Assanjning tvitterda “Skripallar ishi” haqidagi posti sabab bo‘ldi. Assanj Twitter sahifasida rossiyalik diplomatlarning Skripallar zaharlanishi sababli Buyuk Britaniyadan chiqarib yuborilishi yomon diplomatiyadan nishona ekanligini yozgandi.

Kuni kecha esa Ekvador Buyuk Britaniya bilan Julian Assanjning keyingi taqdiri borasida muzokara o‘tkazmoqchi emasligini ma'lum qildi.

Mamlakat tashqi ishlar vaziri Xose Valensiya Reuters agentligiga bergan intervyusida Ekvadorning yagona vazifasi Assanj Londondagi elchixonada yashashi davomida o‘zini yaxshi his qilishini ta'minlash ekanligini aytdi.

“Ekvador keyingi qadamlar uchun javobgar emas. Biz janob Assanjning advokati yoki Britaniya hukumati vakillari emasmiz. Bu Assanj va Buyuk Britaniya yechishi kerak bo‘lgan muammo”, - dedi u.

WikiLeaks asoschisi Buyuk Britaniyada uni hibsga olish haqidagi order sababli Ekvador elchixonasini tark eta olmayapti. Assanj hibsga olinganidan so‘ng London uni AQShga ekstraditsiya qilishidan xavfsiramoqda.

Bundan tashqari, Ekvador Assanjga uni Londondan olib chiqib ketishga yordam beradi degan fikrda unga mamlakat fuqaroligini berganini bildirdi. Ammo Buyuk Britaniya Assanj uchun immunitet berishni rad etdi.

Shunisi qiziqki, WikiLeaks asoschisi o‘zi yashab turgan Ekvador elchixonasini ham sudga berdi. U elchixona mart oyida uni internetdan mahrum qilganidan norozi. Elchixona esa internet tiklanishi uchun o‘zi yashab turgan xonani tozalashi va boshqa davlatlar ishlariga aralashmaslikni talab qilgan.

Jurnalist bir necha filmlar qahramoniga ham aylangan. U haqida “Julian Assanj tarixi” nomli serial suratga olingan. “Beshinchi hokimiyat” nomli filmda Benedikt Kamberbetch Assanj rolini ijro etgan, WikiLeaks sayti haqida “Mediastan” nomli hujjatli film ishlangan, 2017 yilda Assanj faoliyatiga bag‘ishlangan “Xatar” hujjatli filmi suratga olingan.

2014 yilda rejissyor Lora Poytrasning “Citizenfour. Snouden haqiqati” hujjatli filmida ishtirok etgan. (Navbatdagi maqolamiz AQSh Markaziyrazvedka boshqarmasi faoliyatini fosh qiluvchi ma'lumotlarni e'lon qilib shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Edvard Snouden haqida bo‘ladi)

Julian Assanj shuningdek, 2008 yilda Xalqaro amnistiya tashkilotining mukofotiga sazovor bo‘lgan, 2010 yilda Time jurnali o‘quvchilari tomonidan yil kishisi deb topilgan, bundan tashqari Sidney tinchlik fondi va boshqa qator tashkilotlar mukofotlarini qo‘lga kiritgan.

Top