8392.2 USD -2.95

9477.31 EUR -32.72

126.25 RUB -1.42

10816.7 GBP -52.49

11:44 / 01.11.2018 105135

Muhojir kundaligi: Sarobga aylangan Rossiya. Registratsiya, patent...

Foto: RB/A. Kazakov

Hozirgi kunda investitsiya jalb qilish davlat siyosatining ustuvor jihatlaridan biridir. Negaki, iqtisodiyotning qon-tomirlari hisoblangan moliya resurslari shakllanishi va o‘sish sur'atlari mamlakat kelajagini qaysidir ma'noda belgilab beradi. Bunday investitsiyalarga faqatgina xorijiy kompaniyalar, moliya tashkilotlari va korporatsiyalar emas, oddiy qishloq vakili bo‘lgan ustalar, suvoqchi, beton quyuvchilarning ham hissasi katta. Axir ular Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya kabi xorijiy davlatlarda qora terga botib yuborayotgan mablag‘lari ham shu mamlakat hududiga, iqtisodiga kirib kelmoqda. Ular yuborgan pullar yig‘ilib butun boshli mamlakat iqtisodi uchun salmoqli kapitalga aylanadi.

Toma-toma ko‘l bo‘lur

Rossiyada ishlayotgan fuqarolarimizdan, ya'ni jismoniy shaxslardan o‘tkazilayotgan mablag‘lar 2018 yilning ikkinchi choragining o‘zida 748,8 mln dollarni tashkil etdi. Kichik summa emas. Ammo bu ulkan raqamlar ortida ulkan mehnatlar, azob-uqubatlar-u, ko‘plab oilalarning g‘am va hasratlari yotibdi. Keling, bir insonning turmush chorrahalaridagi tashvishlar uchun boshidan o‘tkazishi mumkin bo‘lgan sinovlarni sarhisob qilaylik.  

Sarguzashtlarga to‘la poyezd

Foto: ringweb.ru

Ham o‘qish, ham sayohat maqsadida Moskva tomon yo‘l olgan edim. Shu sababli, darrov Rossiya markazida bo‘lib qolishga ko‘ngil chopmadi. Qozoq cho‘llari va o‘tovlari, rus o‘rmonlarini ko‘rib ketishni xohladim. Taassurotlarga to‘la, ya'ni tabiat va yangi muhit uyg‘unligini his qilish niyatida edim. Biroq hamma narsa men kutgandek bo‘lib chiqmadi. Lekin sayohat «taassurotlar»ga to‘la bo‘lgani rost.

Poyezdda Qozog‘iston hududiga kirgan vaqtingizda jiddiy «to‘siqlar»ga duch kelasiz va cho‘ntak kavlashga majbur bo‘lasiz yoki... Bu holat Qozog‘iston hududidan chiqish vaqtida ham takrorlanadi. Yillar davomida ko‘p yurtdoshlarimiz qozoq chegarachi va politsiya xodimlarining qo‘pol muomalasi va tamagirligidan nolishadi. Lekin, bu bilan rasmiylarning ishi yo‘q.

Rossiya Federatsiyasiga kirish vaqti esa juda hayajonli bo‘ladi. Chunki hududga kirayotganingizda sizga taqiq qo‘yilganmi yoki yo‘q? Buni maxsus apparat bilan hujjatingiz asosida tekshiriladi. Aynan shu lahza vatandoshlarimizda qattiq hadik uyg‘onadi. «Bilmasdan bironta qonunni buzib qo‘ygan bo‘lsamchi, shu yerni o‘zida poyezddan tushib qolsam nima qilaman bu cho‘llarda? », degan vahimali o‘y kechadi. Qo‘lida yosh chaqalog‘i bor onalar ham poyezddan tushirib yuborilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Nima ham derdik? Qonun baribir qonun-da.

«Qog‘oz asri» qurbonlari

Shundan so‘ng, manzilga yetib keldim deb xursand bo‘layotgan musofir vatandoshlarimiz uchun sinovlar endi boshlangani ma'lum bo‘ladi. Har bir hujjat uchun belgilangan muddat mavjud. Vatandoshning «sho‘r»i aynan shu muddatlar. Poyezddalik vaqtingizda sizga migratsion karta beriladi. So‘ngra, 7 ish kuni ichida biror joyga joylashib, registratsiya qilinishingiz lozim bo‘ladi. Agar registratsiya qoidalarini buzsangiz, 2 000 rubldan 5 000 rublgacha jarima solinishi va Rossiyadan chiqarib yuborilishingiz mumkin. Bu esa o‘z navbatida Rossiyaga kirishga 5 yilga taqiq qo‘yilishiga olib keladi. Registratsiya qilinmasdan 1 oydan oshiq muddat yursangiz, 3 yilga taqiq qo‘yilishi uchun asos bo‘ladi.

Qizig‘i shundaki, qonun sizdan o‘z vaqtida registratsiyadan o‘tishni talab qilsa-da, buni o‘zingiz mustaqil qilolmaysiz. Uy egasining roziligi kerak. Uy egalari esa odatda bir nimalardan xavfsirab, bunga rozi bo‘lishmaydi. Shuning uchun ko‘pchilik muhojirlar vositachilar orqali 3 000 yoki 4 000 rublga boshqa manzillar bo‘yicha registratsiyaga turishadi (o‘rtacha 6 000 rubl 100 dollarga teng) va noqonuniy yashash shu yerdan boshlanadi.

Registratsiya mojarosidan so‘ng, ishlash uchun kelgan vatandoshlarimiz oldida patent degan qo‘rqinchli g‘ov paydo bo‘ladi.

Ishlash uchun xarajat, xarajat uchun ishlash

Patent - chet el fuqarolari uchun Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini yuritish huquqini beruvchi hujjat.

1tulatv.ru

Rossiya hududiga kirib kelish vaqti migratsion kartangizga yoziladi. Agar 1 oy ichida patentga topshirilmasa, Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida 10000dan 15000 rublgacha, jarima to‘lab hujjat topshirishga yoki chegaraga borib kelishga to‘g‘ri keladi.

Patent olish uchun yagona muassasa Ichki ishlar vazirligining migratsiya boshqarmasi murojaat qilinadi va ko‘plab taloto‘plardan o‘tib olinadi. Patentga hujjat topshirganingizda, avvalo, 21 000 rubl to‘lash lozim (hududiga qarab). To‘lovdan so‘ng, tibbiy ko‘rikdan o‘tasiz, so‘ngra rus tili bo‘yicha imtihonlarni topshirasiz.

Bu tashkilotga borganda hayron qoldiruvchi holatlar:

  • uzundan uzoq navbatlar;
  • qo‘riqlash xizmatidagilarning o‘zbek va tojik tillarini o‘rganib olgani. «Ruscha gapirsak tushunmaydi, shuning uchun o‘zimiz o‘rgandik», deya izohlashadi;
  • tashkilot atrofida o‘zbek milliy taomlarini tayyorlovchi oshxonalar ko‘pligi;
  • boshqa metro bekatlarida emas, aynan bu tashkilot yonidagi metro bekatlarida turuvchi politsiya xodimlari hammani tekshirish uchun to‘xtatishi.

Patentga hujjat topshirilgandan so‘ng, endi kutish davri boshlanadi... Ishlash mumkin emas, lekin dam olish ham noqulay. Chunki ancha vaqtdan beri bu ishga katta mablag‘ sarflab, qarz bo‘lishga ham ulgurgansiz.

Pul topgani kelganmisiz yoki sarflagani?

Oradan 20-25 kunlardan so‘ng, patentni olasiz. Endi ish topish kerak, yurish kerak. Ish beruvchiga ruscha gapirish kerak (ko‘pchilik uchun shunisi qiyin). Ishni topishga ham ma'lum vaqt ketadi, lekin bu orada patentning navbatdagi oylik to‘lovi kelib qoladi. Oylik to‘lov ishlasangiz ham, ishlamagan bo‘lsangiz ham to‘lanishi lozim. Hozirda bu to‘lov 1 oyga 4500 rubl (hududiga qarab).

Endi keling, bir hisoblab chiqaylik. Bitta musofir yurtdoshimiz bir oyda patent to‘lovi (4500), kvartirada ijara uchun (5000), registratsiya har 3 oyda (vositachilar bilan 4000), oziq-ovqat va boshqa xarajatlar uchun (3000 rubldan 5000 rublgacha). Oyliklar esa 25 000 rubldan 40 000 rublgacha bo‘ladi, odatda. Ortib qoluvchi daromadni o‘zingiz hisoblab ko‘ravering.

«Orzudagi ish»

Hozirgi kunda MDH davlatlari, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun ish o‘rni mos tushishi (ba'zi hududlarda patentda aniq kasb yo‘nalishi ko‘rsatiladi) lozim. Masalan, muhandislik kasbi uchun patent olingan bo‘lsa-yu, texnika bilan shug‘ullansangiz ham, ish o‘rni hujjatda boshqacha ko‘rsatilgan bo‘lsa, bu ish sizga nasib etmaydi. Shuningdek, ko‘plab lavozimlarga faqat Rossiya yoki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining bojxona ittifoqiga a'zo davlat (Rossiyadan tashqari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Belarus) fuqarolari so‘ralmoqda.

Hammaning yo‘rig‘i har xil. Bu maqola ko‘pchilikning holatidan kelib chiqib yozildi. Lekin, shuni aniq bilamizki, bu yurtdoshlarimizning birortasi vatanda bo‘lishdan ko‘ra, musofirchilik nonini afzal ko‘rishmaydi. Yuqoridagi pul o‘tkazmalari minglab vatandoshlarimizning uyqusiz tunlari evaziga ekanligini unutmaslik lozim.

Bahodir Ahmedov

Top