16:10 / 02.11.2018
9781

Navoiyda giyohvandlik moddasini qonunga xilof ravishda o‘tkazganlarga jinoiy ish ochildi

Navoiy viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi tomonidan viloyatda giyohvandlik moddalarining noqonuniy oldi-sotdisi va uni o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator jinoyatlarning oldi olindi.

Viloyat IIB matbuot xizmati KUN.UZ’ga bergan ma'lumotga ko‘ra, 22 oktabr kuni soat 13:00 larda, Navoiy viloyat IIB JQB va tuman IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan «Qoradori–2018» tadbiri chog‘ida 1974 yilda tug‘ilgan Navbahor tumani, «Qizilrabot» MFYda yashovchi, Z.O‘. shu mahallada yashovchi F.A. ga og‘irligi 5,590 gramm bo‘lgan «Marixuana» giyohvandlik moddasini 300.000 so‘m pul evaziga qonunga xilof ravishda sotgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Z.O‘. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yana bir, 18 oktabr kuni o‘tkazilgan tadbir davomida Karmana tumani «Gurda» MFYda yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan, haydovchilik bilan shug‘ullanuvchi F.J. va Xatirchi tumani «Bog‘chakalon» MFYda yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan yana bir haydovchi K.R. o‘zaro jinoiy til biriktirib, Xatirchi tumani «Bog‘chakalon» MFY hududida, tadbirga reja asosida «shartli xaridor» sifatida jalb etilgan shaxsga og‘irligi 4,82 gramm bo‘lgan «marixuana» giyohvandlik vositasini 200.000 so‘m pul evaziga qonunga xilof ravishda o‘tkazganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan F.J. va K.R. nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

26 sentabr kuni Navoiy shahar IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida. Zarafshon shahar 2-kichik tumanida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan, «Zarafshon maxsus trans» MChJ qorovuli A.M. ushbu mas'uliyati cheklangan jamiyatning o‘ziga biriktirilgan maxsus xizmat xonasida tanishlari D.Q., D.K. va K.I bilan birgalikda qo‘lbola usulda «krokodil» giyohvandlik moddasini tayyorlab, iste'mol qilishib, bangixona tashkil qilganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan esa A.M. nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top