14:37 / 03.11.2018
13941

2018 yilgi davlat byudjyeti 12,3 trln so‘mga ortig‘i bilan bajarilishi prognoz qilinmoqda

2018 yil yakunlariga ko‘ra, davlat byudjyeti daromadlarining kutilayotgan ijrosi 74,5 trln so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda. Shunga ko‘ra, 2018 yil davlat byudjyetini qabul qilish chog‘ida tasdiqlangan parametrlar 12.3 trln so‘mga ortig‘i bilan bajarilishini prognoz qilish mumkin. Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov shu haqda ma'lum qildi. 

“2018 yilda mahalliy byudjyetlar ixtiyorida 5,5 trln so‘mdan ortiq mablag‘ qolishi kutilmoqda. Holbuki, 2017 yilda 960,2 mlrd so‘m, 2016 yilda esa, atigi 176,8 mlrd so‘m hududlar ixtiyorida qolgan edi”, - dedi vazir o‘rinbosari Moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan jurnalistlar bilan uchrashuvda. 

Misol uchun Andijon viloyatida 2017 yilda 61,2 mlrd so‘m qoldirilgan bo‘lsa, 2018 yil yakunlariga binoan bu ko‘rsatkich 279 6 mlrd so‘mga yetadi. Sirdaryo viloyatida 30,0 mlrd so‘mdan 171,0 mlrd so‘mgacha, Xorazm viloyatida 41,3 mlrd so‘mdan 195,4 mlrd so‘mga oshishi kutilyapti. 

Vazir o‘rinbosari tuman va shaharlar kesimida ham hududlar ixtiyorida qoladigan mablag‘lar miqdoriga ham misollar keltirdi. Jumladan, Oqqo‘rg‘on tumani ixtiyorida 2017 yil yakunlari bo‘yicha atigi 449 mln so‘m qolgan. Qiyoslash uchun aytish mumkinki, bu mablag‘ga 3 200 metr yo‘lni asfalt qilish mumkin, xolos. Yo bo‘lmasa, 4 dona ichimlik suvi nasosini o‘rnatsa bo‘ladi. 2018 yilda esa bu tuman ixtiyorida qoladigan summa 3,0 mlrd so‘mni tashkil etadi. 

Ta'kidlanishicha, mahalliy soliqlar bo‘yicha tushum sur'atlari ham jonlanib qolgan. Ya'ni 2017 yilda tadbirkorlardan undiriladigan qat'iy belgilangan soliq tushumlari respublika bo‘yicha 1 042,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda soliq stavkalari o‘rtacha 30 foizga kamayganligiga qaramasdan, 1 127,6 mlrd so‘mga yetadi va o‘sish 108,1 foizga teng bo‘ladi. Xususan, joriy yil oxirigacha ushbu soliq tushumi Toshkent shahrida 284,6 mlrd so‘mni tashkil qiladi va o‘tgan yilgi tushumlarga nisbatan 103,1 foizga o‘sadi. Samarqand viloyatida bu raqam 110,4 mlrd so‘mni tashkil etishi 114,8 foizga o‘sishni anglatadi. Farg‘ona viloyatida bu boradagi ko‘rsatkich 104,8 mlrd so‘mga yetib, 116,2 foizga o‘sadi.

Dilshod Sultonovning aytishicha, respublika bo‘yicha yakka tartibda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar soni jami 255 ming nafarga, jumladan Farg‘ona viloyatida 26 ming nafarga, Qashqadaryo viloyatida 20 ming nafarga ko‘payishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top