15:58 / 03.11.2018
9382
AIBA sayloviga oz fursat qoldi. Rahimov ovoz berish jarayoniga o‘zgartirish kiritishni taklif qildi
Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Rossiya poytaxti Moskva shahrida Xalqaro Boks Assotsiatsiyasining 2018 yilgi Kongressi o‘z ishini yakunlash arafasida. Yaqin bir soat ichida Radisson Royal mehmonxonasi qoshidagi Congress Park`da AIBA`ning rahbar lavozimlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Muxbirimizning xabar berishicha, saylov jarayoni boshlanishidan oldin ovoz berishda foydalaniladigan elektron qurilmalar test tariqasida sinab ko‘rilgan. Tashkilotchilar qurilmalarning soz holatda ekanini qayta-qayta tekshirib, bunga ishonch hosil qilishgan. Salkam bir soatlik texnik tayyorgarlikdan so‘ng barchasi shay holatga keltirilgan, ammo so‘nggi lahzada prezidentlikka nomzod G‘ofur Rahimov ovoz berishni maxsus qurilmalar yordamida emas, qog‘oz blankalarda o‘tkazishni taklif qilgan.

O‘zbekistonlik nomzodning taklifi ko‘rib chiqilishi aytilgan va anjuman ishida qisqa muddatga kofe-breyk e'lon qilingan. Hozirda ovoz berish qay yo‘sinda amalga oshishi noma'lumligicha qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, saylov keyingi to‘rt yilda AIBA prezidenti, 5 nafar vitse-prezidenti (konfederatsiyalar prezidentlari) va Ijroqo‘mning 5 nafar a'zosi lavozimini egallaydigan shaxslarni aniqlab beradi. Jahon havaskor boksining bosh rahbari bo‘lish uchun o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov va qozog‘istonlik Serik Qo‘naqbayev da'vogarlik qilmoqda.

Mavzu
XOQ va AIBA urushi
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov AIBA prezidenti bo‘lishini istamayapti va boks sportini olimpiada dasturidan chiqarish bilan tahdid qilmoqda
Barchasi
Top