8378.04 USD +3.94

9488.13 EUR +77.32

129.09 RUB +2.91

11133.6 GBP +234.69

17:53 / 04.11.2018 10435

Yaxshilar yordamida Mahzunaning quloqlari eshitmoqda, yana oz muddatlardan so‘ng u gapira boshlaydi

KUN.UZ saytida Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanida yashovchi qizaloqning davolanishi uchun pul to‘plash maqsadida xayriya aksiyasi tashkil etilgan edi. 3 yoshli Mahzuna go‘dakligida qattiq xastalikka duchor bo‘lgani bois, kuchli antibiotik bilan davolangan va oqibatda qulog‘i eshitmaydigan bo‘lib qolgan. Mahzunaga «ikki tomonlama surunkali sensonevral eshitish zaifligi 4-darajasi» tashxisi qo‘yilgan edi. 30 oktabr kuni unga koxlear implant qo‘ydirildi, endilikda Mahzuna dunyoning yorqin tovushlarini eshitishi, ota-onasiga bemalol murojaat qila olish imkoniyati bo‘ladi. Operatsiyadan keyin qizaloqning holidan xabar olish ilinjida uning yoniga shoshildik.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish (tas-ix)

Shifokorning gaplariga ko‘ra, operatsiya yaxshi o‘tgan. Hozirda ularning nazoratida. Yaqin kunlarda Mahzunaning qulog‘i eshitishni boshlaydi. Shundan so‘ng gapirishni o‘rganadi. “Barcha saxovatli yurtdoshlarimizga biz ham o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz”, - deya ta'kidlab o‘tishdi shifokorlar.

Shundan so‘ng qizaloqning onasi Hulkar Ishmamatova bilan suhbatlashdik.

- Quvonchimiz cheksiz. Og‘ir kunimizda dardimizga sherik bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizga mingdan-ming rahmat. Men ham, oilamiz ham har doim ular uchun duodamiz. Alloh ulardan rozi bo‘lsin. Yaratganga shukr, oramizda saxovatpesha yurtdoshlarimiz borligi tufayli qizalog‘imning hayotida muhim bo‘lgan jarrohlik o‘tkazildi va hozirda uning ahvoli ancha yaxshi. Yana bir bor chuqur minnatdorchiligimni bildiraman, - deb o‘z xursandchiligini izhor etdi ona.

Shu o‘rinda KUN.UZ tahririyati ham bu xayrli ishga “labbay” deb javob bergan barcha insonlarga tashakkur bildiradi. Alloh barchamizning qilayotgan xayrli ishlarimizda O‘zi madadkor bo‘lsin va davomli qilsin, savoblarini ko‘paytirib bersin!

Top