20:18 / 05.11.2018
51511

Davlatnazar Ro‘zmetov: «Meni qo‘llab-quvvatlab turganlarga minnatdorchilik bildiraman»

Xorazmlik jurnalist, «Xorazm yoshlari» gazetasi muharriri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Davlatnazar Ro‘zmetov ozodlikka chiqdi.

7 sutkalik ma'muriy qamoq jazosini o‘tagan mutaxassis Kun.uz muxbiriga qisqacha intervyu berdi.

«Avvalo meni va oilamni qo‘llab-quvvatlab turgan do‘stlarimga, hamkasblarimga va umuman barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. 29 oktabr kuni Qo‘shko‘pir tumani ma'muriy sudi hukmiga asosan 7 sutkaga qamaldim. Muddat tugagach, Xudoga shukr, 5 noyabr kuni ozod bo‘ldim.

Meni Qo‘shko‘pir tumani IIB tergov izolyatorida joy yo‘qligi sababli, Xazorasp tumani IIB tergov izolyatoriga olib kelishdi. Jazoni shu yerda o‘tadim. Bu yerda hech qanday tazyiq yoki bosimga uchramadim, qiynoqqa tutilmadim. Ammo sharoitlar birmuncha og‘ir ekan, shu ko‘ngilni xira qildi.

Bo‘lib o‘tgan voqealarga keladigan bo‘lsak, vaziyat matbuotda yozilganidan boshqacharoq edi. Bu haqda o‘zim batafsil ma'lumot berishni rejalashtirganman», - dedi Ro‘zmetov.

Eslatib o‘tamiz, jurnalistning qamalishiga sabab qilib, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgani bildirilgandi.

Top