17:04 / 05.11.2018
3660
UzWaterAware: Suv masalalari bo‘yicha bolalar rasm va insholar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

Toshkent shahridagi «Avtograf» san'at galereyasida Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM)ning bolalar tomonidan chizilgan rasmlar raqamli ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma 2 noyabrdan 4 noyabrga qadar davom etdi. Ko‘rgazmaning ochilish kuni rasm va insholar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbir Yevropa Ittifoqi qo‘llab-quvvatlashi ostida, shuningdek Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillari ishtirokida o‘tdi.

Raqamli ko‘rgazma UzWaterAware (“O‘zbekistonda suv masalalaridan xabardorlik”) loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonning qishloq joylarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturining bir qismidir.

UzWaterAware loyihasining asosiy vazifasi – davlat idoralari, suv-ekologik masalalari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat-notijorat tashkilotlari, yoshlar va bolalar tashkilotlari hamda OAV o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish. Loyihaning asosiy maqsadi esa – mamlakat aholisi o‘rtasida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish muhimligiga oid ma'lumotlarni tarqatish.

UzWaterAware loyihasining o‘z shiori bor: “Suvni hurmatlang!”

Loyiha doirasidagi rasm va insholar tanlovi o‘tkazilishidan maqsad – maktab o‘quvchilari, ularning ota-onalari va pedagoglari e'tiborini suvdan oqilona foydalanish va ekologiya muammolari mavzusiga qaratish. 

Bolalar tomonidan chizilgan rasmlar va yozilgan insholar 2018 yilning martidan to sentabrga qadar qabul qilingan. Jami 300 ga yaqin ish kelib tushgan. Tanlovda Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxonadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahri maktab o‘quvchilari ishtirok etishdi.

Tanlov ikki asosiy yo‘nalishga ajratilgan: rasmlar va insholar. Har bir yo‘nalish yoshga doir uch toifaga taqsimlangan – 1-4 sinflar, 5-7 sinflar va 8-9 sinflar.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, 18 nafar g‘olib (ya'ni har bir yo‘nalish bo‘yicha 9 nafar g‘olib) aniqlangan. Yo‘llangan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat ekologiya qo‘mitasi va tajribali pedagog-jurnalistlar tomonidan baholandi.

Barcha g‘oliblar ota-onalari va pedagoglari boshchiligida Toshkent shahriga taqdirlash marosimida ishtirok uchun taklif qilindi. 2 noyabr kuni ertalab ular uchun ikki qavatli turistik avtobusda poytaxt bo‘ylab sayohat tashkil etildi.

Shundan so‘ng barcha g‘oliblar Raqamli ko‘rgazma ochilishi va taqdirlash marosimini o‘tkazish uchun «Avtograf» galereyasiga tashrif buyurishdi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays, Ekologiya davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O‘ktam O‘tayev, qo‘mitaning shahar boshqarmasi rahbari Nodirjon Yunusov, Suv xo‘jaligi vazirligi boshqarmasi rahbari Shavkat Usmonov va MOMEMning O‘zbekistondagi filiali rahbari Shahnoza Umarova qutlashdi.

Tanlovning 18 nafar g‘olibiga UzWaterAware loyihasi tomonidan noutbuk, planshet yoki smartfonlar topshirildi.

Tanlovning yana 4 nafar ishtirokchisiga Ekologiya qo‘mitasining shahar boshqarmasi maxsus mukofoti topshirildi.

Shuningdek, tanlov yakunlariga ko‘ra, Urganch, Chirchiq, Toshkent shaharlaridagi maxsus maktablarning 9 ishtirokchisiga maxsus sovg‘alar berildi.

Tadbir davomida ba'zi bolalarning shaxsan tashabbus bildirib, o‘z ota-onasi va pedagoglariga minnatdorchilik so‘zlarini izhor qilishi barchani quvontirdi.

Tanlovning qolgan barcha ishtirokchilari, ularning ota-onalari va pedagoglari ham UzWaterAware loyihasidan yorqin suvenir eko-sovg‘alari (eko-sumkalar, futbolkalar, bandana va bolalar ekologik jurnallari)ga ega bo‘lishdi.

Uspenskiy nomidagi Respublika maxsus musiqiy akademik litseyining iste'dodli tarbiyalanuvchilarining ijodiy chiqishlari ko‘rgazmaga yanada iliqlik va ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Top