8389.97 USD +11.93

9491.57 EUR +3.44

129.72 RUB +0.63

11082.3 GBP -51.27

11:00 / 06.11.2018 8655

Xayriya natijasi: endi Bekzodning sog‘lom buyragi bor!

Inson bir ishga qo‘l urar, shu ish ustida ter to‘kar ekan, uning asosiy maqsadi qilgan mexnatining natijasini ko‘rish bo‘ladi. Joriy yilning 8 aprel kuni KUN.UZ saytida “30 martadan ortiq jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan Bekzodga ko‘maklashaylik!” sarlavhasi ostida maqola berilgan edi. Unda Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, 26-mavze, 5-uy, 87-xonadonda istiqomat qiluvchi 27 yoshli Bekzod 8 yoshidan boshlab buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgani haqida hikoya qilingan.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish (tas-ix)

Bekzod 16 yilda 33 marotaba jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘lgan. Shunga qaramay, uning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarmagach, endi bemorni qimmat narxdagi jarrohlik amaliyoti – organ ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi qutqarishi mumkin edi. Maqolada uning otasi bitta buyragini farzandi uchun donor sifatida berayotganligi bayon qilingan edi.

Taqdir sinoviga duch kelgan oila ko‘makka muhtojligi haqidagi ushbu maqola KUN.UZ o‘quvchilarini befarq qoldirmadi va organ ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi uchun zarur bo‘lgan 12 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ bir hafta mobaynida bag‘rikeng, saxovatpesha kishilar tomonidan yig‘ib berildi.

Tashvishli kunlarni boshidan kechirgan ushbu oila a'zolari iyul oyida Hindistonda organ ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazib, Toshkentga qaytib kelishgan.

- Men o‘zimni juda yaxshi his qilyapman, chunki endi meni sog‘lom buyragim bor. Bizni ham moliyaviy tomondan, ham ma'nan qo‘llab turgan ezgu niyatli kishilarga oilamiz nomidan chuqur minnatdorchiligimizni bildiraman. Dunyoda yaxshi insonlarning ko‘pligini boshimizga tashvish tushganida bildik. Barchangizdan Alloh rozi bo‘lsin! – deydi Bekzod Latipov.

Xayriya aksiyasi xulosasi sifatida ikki og‘iz tilak bilan kifoyalanishni lozim topdik, zero eng muhimi amalga oshdi, qiyini ortda qoldi - bemor sog‘aymoqda. Tilagimiz - endi Bekzod sog‘-salomat umr kechirsin, yurtimizda o‘rnak olishga arzigulik saxovatpesha insonlar ko‘payaversin.

Top