08:00 / 06.11.2018
17976

Yana bir davlat Kosovoni tan olishdan voz kechdi 

Foto: Visar Kreziu / AP

Karib dengizida joylashgan Grenada davlati Kosovoning mustaqilligini tan olish qaroridan voz kechdi. Bunday qaror Grenada tashqi ishlar vazirining Serbiya tashqi ishlar vaziri Ivitsa Dachich bilan uchrashuvidan keyin qabul qilindi.  

Darhol shundan keyin Serbiya Grenada bilan do‘stlik va hamkorlik haqida kelishuvni imzoladi va Grenada tashqi ishlar vaziri Piter Devidga Belgradga kelishni taklif qildi.

Grenada Serbiya bilan muzokaralardan keyin Kosovoni tan olishdan voz kechgan 9-davlat bo‘ldi. Avvalroq buni Dominika, Surinam, Liberiya, San-Tome va Prinsipi, Gvineya-Bisau, Burundi, Papua-Yangi Gvineya va Lesoto amalga oshirgan.

Biroq shunga qaramay, Kosovo 90 dan ko‘proq davlat bilan diplomatik munosabatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular orasida Yevropa Ittifoqi davlatlari, AQSh, Kanada, Avstraliya va Shveytsariya bor.

Kosovoning mustaqilligini Serbiyadan tashqari, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Braziliya qat'iyan tan olishdan bosh tortgan. YeI davlatlaridan Serbiyaning hududiy yaxlitligini Kipr, Gretsiya, Ruminiya va Ispaniya tan olib kelmoqda. 

Mavzuga oid
Top