18:50 / 07.11.2018
38572

Endi avtomobilni onlayn xarid qilishingiz mumkin - Uzavtosavdo.uz avtomobil xarid qilish platformasi qanday ishlaydi?

«O‘zavtosanoat» AJ GM Uzbekistan tomonidan ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni xarid qilishga mo‘ljallangan yangi savdo platformasi va mobil ilovalarining taqdimoti bo‘lib o‘tgani haqida avval xabar berilgan edi. Xo‘sh, uzavtosavdo.uz platformasi qanday ishlaydi, undan qanday foydalanish mumkin?

Desktop va noutbukdan foydalanuvchilar uchun bevosita www.uzavtosavdo.uz saytiga kirish kifoya qilsa, smartfon foydalanuvchilari Google Play Store yoki AppStore do‘konlaridan Uzavtosavdo ilovasini yuklab olish talab etiladi. 

Shundan so‘ng, onlayn yo‘riqnoma yordamida milliy Yagona identifikatsiyalash tizimida (OneID) ro‘yxatdan o‘tish lozim bo‘ladi. Mazkur platformaning qulayliklaridan yana biri elektron raqamli imzo (ERI)ga ega bo‘lgan shaxs, xorijiy mamlakatda bo‘lgan holatda ham avtomobil xarid qilish imkoniga ega bo‘lishidir. 

Ilova vositasida avtomobil modeli, turi, rangi va hatto uni yetkazib beruvchi dilerlik markazini ham tanlash mumkin. Shu bilan birga, avtomobil uchun to‘liq yoki qisman to‘lovni amalga oshirish imkoni ham mavjud. To‘lov jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan. Bunda eng kam to‘lov avtomobil qiymatining 3 foizini tashkil etadi. Dastlabki badal bir hafta ichida to‘lanishi lozim bo‘ladi.

Diqqat qiling, ilova orqali to‘langan 3 foizlik dastlabki badal to‘lovi qaytarilmaydi!

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish (tas-ix)

Ilova orqali avtomobil xarid qilish uchun to‘lov amalga oshirilgach, navbat raqami hamda dilerda avtomobillar ro‘yxati namoyish etiladi. Mabodo, sotuvda siz xohlagan avtomobil bo‘lmasa, buyurtma avtomatik tarzda ishlab chiqaruvchiga, ya'ni zavodga yuboriladi. Bunda xaridorga shartnoma raqami va avtomobilning individual raqami – VIN taqdim etiladi. 

Ilovaning samarali va foydali jihati shundaki, xaridor avvalboshdanoq, avtomobil xarid qilish bilan bog‘liq barcha jarayonni nazorat qila olishidir. U nechanchi navbatda turgani, avtomobili qachon yetib kelishigacha aniq biladi. Tanlangan avtomobil uchun 85 foiz to‘lov amalga oshirilganda, qo‘shimcha bonus sifatida transport vositasi xaridor uyigacha tekin yetkazib beriladi.

Top