8395.15 USD -6.38

9510.03 EUR -113.08

127.67 RUB -0.68

10869.2 GBP -122.52

22:55 / 08.11.2018 119824

Aslida, bo‘linishning emas, birlashuvning omiliga nima bo‘ldi?

Voqelik tafsilotlari

Har bir davrning o‘ziga xos tafsilotlari bo‘ladi. Mazkur tafsilotlar birlashib, voqelik manzarasini hosil qiladi. Bu manzaraning ichida muammoli masalalar ham bo‘ladi. Gazak olgan yara singari jamiyat tanasini og‘ritib, ruhini xasta qilib turadigan bunday masalalar o‘z vaqtida muolaja etilmasa, ko‘plab noxushliklarga sabab bo‘ladi.

Tabiblar biladiki, yaraga malham izlash jarayoni uning – yaraning kelib chiqish sababini, turini, uni yuzaga keltirgan omillarni o‘rganishni taqozo etadi. Bular o‘rganilmasa, muolajani to‘g‘ri belgilab bo‘lmaydi.        

Mavjud voqeligimiz yuzaga keltirgan shunday masalalardan biri – imom-xatiblarga bo‘lgan munosabat. Aslida bo‘linishning emas, birlashuvning, do‘stlashishning, yuksalishning omili bo‘lmog‘i lozim bo‘lgan masdar voqelikda tez-tez musulmonlarning o‘rtasiga sovuqchilik tushishiga va hatto ikki musulmonning adovatlashishiga olib keladigan bo‘ldi.

Musulmonlar aro bunday o‘zaro adovat nihoyatda yomon ekanligini muqaddas masdarlardan bilganimiz holda mazkur «yara»ning o‘sha – kelib chiqish sababi, turi, uni yuzaga keltirgan omillarini o‘rganishga urinib ko‘ramiz.

Kelib chiqish tarixi

Imom (arab. إمام‎ — oldinda turuvchi).  Dastlab bu nom omma musulmonlar tomonidan ilmi va taqvosi ila e'tirof etilgan, peshvo bo‘lishga hamda jamoat namozini olib borishga munosib ko‘rilganlargagina ishlatilgan. 

Dastlabki imom Payg‘ambar – Muhammad alayhissalom bo‘lganlar. U kishi Alloh taoloning irodasi ila musulmonlarga imom bo‘lganlar. U zot hayotlarining oxirida, betob bo‘lib qolganlarida Abu Bakr roziyallohu anhuga bu vazifani topshirganlar. Chekka viloyatlarda esa imomlikni voliylar bajargan. Juma kunlari voliylar ma'ruza (xutba) ham qilishgan. Shu tariqa ikki narsa:

  • ishboshilar munosib – olim kishilardan bo‘lishi,
  • ishboshilar bilan musulmon jamoatining bevosita muloqoti, ko‘z ko‘zga tushishi, birga ibodat qilishi, keng ma'noda ummatning birdamligi ta'minlangan.

Abbosiylar xalifaligi davrida (749—1258 yillar) jamoat namozlarini va xutbalarni maxsus tayyorlangan kishilar o‘tkaza boshladilar. Ularni «imomlar» deya atay boshlashdi. Aytish mumkinki, mazkur tadbir pirovardida ishboshilar va jamoatning o‘zaro muloqoti kamayishiga, uzoqlashishiga olib keldi.

Yana bir jihat – iqtidor vazifadorlik, mas'uliyatdorlik, xalqqa xizmat qilish emas, balki hukmdorlik – valiahdlik kishining siymosiga bitilganlik deb qarala boshlandi.

Keyinroq iqtidorga kelish e'tirof bilan, ya'ni demokratik yo‘l bilan emas, balki merosni qabul qilish yo‘li bilan bo‘ladigan bo‘ldi. Jamiyat esa ongli organizm emas, balki qismatini boshini quyi solib qabul qilib oluvchi tarqoq ommaga aylandi.

Shu bilan birga, voqelikni egri qabul qiladigan, haqlarni tanimay qolgan, daxlsizligi «ta'minlangan» hukmron toifa yuzaga keldi va, tabiiyki, ma'siyatni odatga aylantirishga moyil bo‘ldi. Keyinchalik...

Keyinchalik

Holat rivojlanib imomlar kulliyasi (instituti) yuzaga keldi. U bir tomondan din g‘amida bo‘lgan ulamolar uchun ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, boshqa tarafdan iqtidor egalari uchun o‘z mavqelarini mustahkamlash yo‘lida ommaga ta'sir etish, uni boshqarish vositasiga aylandi. «Ikki o‘t» orasida qolgan mazkur kulliya namoyandalari har kim o‘z taqdiriga bitilganicha birlari ko‘proq, birlari kamroq din foydasi uchun xizmat qilishdi, din ahkomlarining yashashi uchun omil bo‘lishdi.

Har bir narsani taroziga solib foyda-zararni o‘lchash iste'dodiga ega bo‘lgan ahli donishmand imom-xatiblar himoyasida turib keldilar – ba'zi vakillari yo‘l qo‘yadigan kamchiliklarga ko‘z yumishni targ‘ib qilib keldilar.

Inqilob

Islom dinining fundamental asoslaridan bo‘lmish demokratik tamoyillardan uzoqlashish oqibatida yuzaga kelgan parokandalikning mevasi – ummatning mutlaqo ojiz bo‘lib qolgani. Ojizlar esa albatta o‘lja bo‘lishi – tabiiy hol. Shu tariqa, musulmon o‘lkalaridan ba'zilari bu tarafga, ba'zilari u tarafga taslim bo‘ldilar, qaramlikka yuz tutdilar.

Bizning yurt ham o‘z nasibasini olmay qolmadi – kuchlilarning biriga taslim va qaram bo‘ldi. Dahriy tuzum ostida qolgan zaminimizda Islom dini qatag‘onga uchradi, islomiy tushunchalar xalq ongidan birmuncha quvg‘in qilindi. O‘zini musulmon sanaydigan, ammo dini haqida oz bo‘lsada to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lmagan avlod yuzaga keldi.

Mustaqillik

Dahriy tuzumdan xalos bo‘lish o‘zgacha voqelikni yuzaga keltirdi. Da'vat va ibodatga yo‘l ochilishi asnosida jaholat qorong‘usiga nur kira boshladi, haqqa tashna halq masjidlarni to‘ldira boshladi.

Ammo, aynan shu lahzada dahriy tuzum tomonidan qatag‘onu quvg‘inga uchragan, namoyandalarini yo‘qotib yangilari parvarish qilinmagan, tinkasi qurigan imomlik kulliyasi vaziyat taqozo qilgan talabni, albatta, bajarolmasdi. Qiyin holatda xalqqa ziyo ulashib kelgan samimiy ilm egalari kamchilikni, ilm va iste'dodi kam bo‘lganlar esa ko‘pchilikni tashkil etardi. Bu holatda ommaning bir qismi o‘zgacha ta'sirlarga uchrashi tabiiy edi. Shunday bo‘ldi ham. Ma'naviy qafasdan yangi chiqqan kishilarning chanqog‘ini qondirish uchun ularning barcha savollariga javob bera oladigan hamda, yanada muhimrog‘i, ularga yorqin o‘rnak bo‘la oladigan imomlar-xatiblar kerak edi.

Ayni damga kelib  

Hozirda ijtimoiy tarmoqlardagi va o‘zaro suhbatlar mavzularidan biri – u yoki bu imomning so‘z va qilmishlari muhokamasi. Mazkur mavzu, hali aytganimizdek, musulmonlarni bir miqdorda parchalab qo‘ydi. Bir taraf o‘tgan ulamolarning munosabatini dalil qilib, imomlarni muhokama mo‘ljaliga aylantirish mumkin emasligini, ularning kamchiliklarini oshkor qilmaslikni, bu ommaning dinga rag‘batini so‘ndirishini aytib o‘zga tarafni so‘kishmoqda. Aks taraf bu gapdan qoniqish hosil qilmay «isloh istaymiz» shiorini, «bizga o‘rnak bo‘lishsin» degan da'voni oldinga surishmoqda. Musulmonlar o‘rtasida hosil bo‘lgan bunday ziddiyat, ikki tarafning o‘rtasida jarlik paydo bo‘lishi o‘ta salbiy holat bo‘lib, islohi qimmatlidir.

Tarozi

O‘tgan ulamolar ma'lum munosabatni ilgari surishdan avval o‘z zamonalari voqeligidan kelib chiqib, foyda-zararni taroziga solib ko‘rganlar. Tanlash qiyin bo‘lganda din va ummatga foydasi ko‘proq, zarari kamroq tarafni olganlar.   

Avvalo, u davrlarda omma musulmonlarning diniy bilimlari hozirgiga nisbatan birmuncha yuqori bo‘lgani, qarashlarda turlanish deyarli bo‘lmagani, murosaga kelish qobiliyati yuqori bo‘lgani, ko‘plab haqiqatlar o‘z-o‘zidan tushunilib ketilganining e'tibori olingan. Imom-xatib namunali axloqqa ega bo‘lmagan taqdirda ham, omma diniy ahkomlardan xabardor bo‘lgani bois, bu holatga unchalik parvo qilinmagan. Ta'bir joiz bo‘lsa, u davr musulmonini yosh jihatidan ulg‘aygan, ko‘p narsani tushunib qolgan kishiga o‘xshatish mumkin.

Dahriy tuzumdan endigina chiqqan hozirgi musulmonni esa ko‘proq hali hech narsani bilmaydigan yosh bolaga o‘xshatsak to‘g‘ri bo‘ladi. Yosh bolalar esa, bilamizki, o‘rnakka, namunaga muhtojligi bor. Yosh bola namuna sifatida unga ko‘rsatilgan siymoni sinchkovlik bilan o‘rganadi va undan qoniqish hosil qilmasa injiqligi tutadi, isyon qila boshlaydi, murosaga ko‘nmaydi. Ongsiz ravishda o‘ziga yoqadigan namunani izlaydi.

Janobi voqelik

Mazkur mulohazalardan kelib chiqib, biz hozirda o‘zgacha voqelikka duch kelganimizni e'tirof etmog‘imiz lozim. Janobi voqelik bizga uning e'tiborini qilishni buyurmoqda. Har bir imom-xatiblik maqomidagi kishi jamoatga o‘rnak bo‘la olishga tirishmog‘i o‘zgacha ahamiyat kasb etmoqda. Zuhd, to‘g‘riso‘zlik, siniqlik, kamtarlik, go‘zal muomala – bularni qavm imomlarda ko‘rishga hozirda ehtiyoji baland ekanligi bois ham aynan shu jihatlarni o‘zda hosil qilish ulkan mas'uliyatga aylanmoqda. Mas'uliyatni his etolmaganlar bu maqomdan chetda turishlari lozim bo‘lyapti, zero kecha mumkin bo‘lgan holat bugun aslo mumkin bo‘lmagan kunda yashayapmiz.

Ko‘p millionli o‘zini musulmon sanagan, ammo dinini bilmagan aholi holatidamiz. Bu aholiga nafaqat bilim ulashish, balki namuna bo‘lish favqulodda ahamiyat kasb etmoqda.

Daxlsizlikning zararlari

Axloqiy tizimida jiddiy kamchiligi mavjud bo‘lgan imom-xatib hozirgi holatimizda ko‘pchilikning din haqidagi tasavvuriga putur yetkazadi, parokandalikni keltirib chiqaradi. Inchunun, bunday holatni xaspo‘shlash parokandalikni yanada quvvatlash bo‘ladi. Daxlsizlik hissi o‘zni tuzatishga bo‘lgan urinishlarning tomirini kesadi, tuzalish yo‘li ustiga o‘tib bo‘lmas devorni hosil qiladi, g‘uluvga ketkazadi. Bu degani, daxlsizlik qo‘rg‘onini yaratish uning ichidagi kishiga nisbatan ayni beshafqatlik qilish, deganidir. Islom mehr-muhabbat dinidir.

Xulosa

Xulqi a'lo, ixlosli, tamadan yiroq imom-xatiblar doim bo‘lgan va ular elning mehri va ardog‘iga sazovor bo‘lib kelgan. Hech zamon ularga hech bir e'tiroz qaratilmagan.  Musulmonlar o‘rtasida ziddiyatga sabab bo‘layotgan, orasini ajratayotgan fenomen aynan o‘zning ustidan ishlamaslik, mas'uliyat ko‘lamini his etmaslik, daxlsizlik hissiga berilish illatidir. Va bu illatni e'tirof etish, millionlab dindan yiroqda bo‘lib kelayotgan ommaning holiga achinish, islohini istash ziddiyatga kirishgan ikki taraf musulmonlarning birlashuvi uchun omildir.

Shokir Sharipov

Top