8395.15 USD -6.38

9510.03 EUR -113.08

127.67 RUB -0.68

10869.2 GBP -122.52

21:18 / 08.11.2018 6317

Moliya vaziri: O‘zbekiston YaIM 2019 yilda 5,4 foizga o‘sishi kutilmoqda

O‘zbekistonning kelasi yilda Yalpi ichki mahsuloti o‘sishi hajmi 5,4 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. 2018 yil yakunlariga ko‘ra, bu boradagi raqam 5-5,2 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yilda prognoz ko‘rsatkichni ta'minlash uchun barcha ishlar qilinadi. 

“Bizda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro ekspertlar nigohida, deyish mumkin. Shuni aytmoqchimanki, O‘zbekistonda 2018 yil yakunlari ijobiy bo‘lishi kutilmoqda. Misol uchun, bu yil mahalliy byudjyetlar hisobida 5,4 trln so‘m mablag‘ qoladi. Bu umuman tarixda bo‘lmagan, shu vaqtgacha kuzatilmagan hodisa. 

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar haqida gapirganda, albatta yalpi ichki mahsulot o‘sish hajmini aytib o‘tishimiz kerak. Bu joriy yilda 5-5,2 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Kelgusi yilgi prognozlar haqida gapiradigan bo‘lsak, YaIM hajmi 2019 yilda 5,4 foizga o‘sishini prognoz qilyapmiz va bu natijaga erishish uchun tegishli ishlar amalga oshirilmoqda”, - dedi Jamshid Qo‘chqorov. 

U islohotlar xususida fikrlarini bildirar ekan, sobiq ittifoq respublikalarining aksariyati narxlarni erkinlashtirish kabi islohotlarni o‘tgan asrning 90-yillarida amalga oshirib bo‘lgani, o‘sha davrda bu osonroq kechganini ta'kidladi. Shuning barobarida O‘zbekistonda narxlarni erkinlashtirishda asosiy e'tibor fuqarolarning turmush darajasi pasayib ketmasligiga qaratilayotganini qayd etdi. 

“Islohotlarni amalga oshirishda asosiy maqsad aholi yashash darjasining keskin pasayib ketmasligini ta'minlashdir. Ya'ni, ish haqini oshirish  bo‘ladimi, tariflarni oshirish bo‘ladimi, asosiy e'tibor odamlarning turmush darajasiga qaratilyapti. 

Misol uchun, 15 noyabrdan elektr energiyasi korxonalar uchun 45 foizga qimmatlashmoqda, aholi uchun 10 foizdan kamroqqa oshmoqda. Kelasi yil 1 yanvardan esa, byudjyet tashkilotlarining eng kam ish haqi oluvchi xodimlari maoshlari 5-15 foizga oshirilmoqda. Negaki, kam oylik oluvchi kishilarda yirik miqdorda maosh oluvchilarga qaraganda kommunal xarajatlar ulushi katta bo‘ladi. Shu sababli oylik maoshlarni manzilli oshirishga qaror qilindi”, - dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Top