21:20 / 08.11.2018
45870

Surxondaryo viloyati hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari ishdan olindi. U bu lavozimda 3 oy ishladi

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Surxondaryo viloyati hokimligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Viloyat matbuot xizmati xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov, Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov ishtirokidagi yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rilgan.

Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Abdumutalovich Oxunov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

2018 yilning 30 mayigacha «O‘zagrokimyohimoya» boshqaruvi raisi bo‘lib ishlagan, iyun-iyul oylarida Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasida boshqarma boshlig‘i vazifasida faoliyat ko‘rsatgan Ulug‘bek Oxunov 2018 yilning 27 iyulida tuman hokimligiga tushirilgan Olim Muhammadiyev o‘rniga viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgandi.

Endilikda Rahmatulla Boboxonovich Gapparov Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. U shu kungacha viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgandi.

Top