18:00 / 09.11.2018
25806

Elektr energiyani hisoblash tizimidagi xatolik bartaraf qilindi

Kun.uz tahririyatiga fuqarolar tomonidan elektr energiya narxini to‘lash jarayonida yuzaga kelgan muammo bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi. 

Unda bank kassalarida elektr energiyasining to‘lovi 250 so‘m tarifga asosan qabul qilinayotgani aytilgan edi. Misol uchun, 7 noyabr kuni olingan kvitansiyada elektr energiyasi tarifini 250 so‘m ekanini ko‘rish mumkin. Vaholanki, ayni paytda uning narxi 228,60 so‘mga teng. 

Hukumat qaroriga asosan, 2018 yil 16 noyabrdan boshlab maishiy iste'molchilar uchun elektr energiyasi narxi 250 so‘m qilib belgilangan.

Bu muammo bo‘yicha Xorazm viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasining axborot texnologiyalari bo‘limi boshlig‘i Doniyor Ashirov bilan uchrashib, suhbatlashdik.

U bizga quyidagi ma'lumotlarni yetkazdi.

«Darhaqiqat 2-3 kun oldin bank to‘lov kassalarida shunday muammo yuzaga kelganidan xabar topdik. Unda elektr energiyasi tarifi 250 so‘m qilib belgilanganini ko‘rish mumkin. Barcha banklarning kassa dasturi «Elektr energiyasi hisobini yuritish dasturi»ga ulangan bo‘lib, tariflar miqdori haqidagi ma'lumotni bizdan oladi.

Gap shundaki, dasturchilarimiz yangi narxni tizimga kiritishga xatoga yo‘l qo‘ygan va 16 noyabr kunidan emas, undan ertaroq 250 so‘m qilib belgilab yuborishgan. Banklar va to‘lov tizimlari bizning dasturimizga ulangani sababli, kvitansiyalarda shu narx ko‘rsatilib ketgan. Bu muammo aniqlangani zahoti Respublika miqyosida uni bartaraf qilish choralari ko‘rildi. Ayni paytda dasturdagi narx avvalgi ko‘rinishiga, 228,60 so‘mga qaytarildi.

250 so‘mdan hisoblangan to‘lovlar avtomatik tarzda 228,60 so‘mdan qayta hisoblandi va xatolik to‘g‘rilandi. Bunda iste'molchilarning xavotir olishiga hech qanday o‘rin yo‘q. Dastur barcha hisob-kitoblarni avtomatik tarzda to‘g‘irladi», - dedi Ashirov.

Bank to‘lov kassalarida bu muammoni tekshirganimizda kvitansiyalarda tarif darhaqiqat 228,60 so‘m ekaniga guvoh bo‘ldik.  

Nurmuhammad Said

Top