8395.15 USD -6.38

9510.03 EUR -113.08

127.67 RUB -0.68

10869.2 GBP -122.52

00:22 / 09.11.2018 6399

YUNISEF vakili: O‘zbekistonda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning nobud bo‘lish darajasi hali ham yuqori

8 noyabr kuni «O‘zekspomarkaz»da yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning oldini olish mumkin bo‘lgan o‘limini kamaytirish va ularni parvarish qilish sifatini yaxshilash bo‘yicha milliy konsultatsiya bo‘lib o‘tdi. 

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, davlat va nodavlat tashkilotlari, xalqaro ekspertlar, O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan kelgan sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislari va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari ishtirok etdi.

BMTning bolalar o‘limi haqidagi global hisobotiga ko‘ra, dunyo miqyosida bolalarning tirik qolishida sezilarli muvaffaqiyatga erishilgan. Biroq hisobotda aytilishicha, so‘nggi yillardagi yutuqlarga qaramay, faqatgina 2017 yilning o‘zida 5,4 million nafar bola besh yoshga to‘lmasdan nobud bo‘lgan. Ulardan 2,5 million nafari bir yildan ortiq yashamagan. 

«Kun.uz» muxbiri xabar berishicha, O‘zbekistonda 5 yoshga to‘lmasdan vafot etgan bolalar o‘limining 57 foizini neonatal davrda (hayotining dastlabki 28 kuni ichida) sodir bo‘lgan. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning dastlabki 28 kuni davomida nobud bo‘lishining asosiy sabablari - har xil infeksiyalarga chalinishi, tug‘ilishidagi nuqsonlar va immunitet pastligi deb topilgan.

«Ruhiyat tushkunligi tanadagi modda almashinuvini izdan chiqaradi. Kamqonlik, charchoq, ishtaha yo‘qligi, miyadagi tushkun fikrlar uyqusizlikka ham olib keladi. Qaynonalar avlod davomchilari sog‘lom bo‘lishini ta'minlash uchun kelinini ruhan qo‘llab-quvvatlashi kerakligini tushunib yetishi kerak. Shunday zamon kelib bo‘ldi. Sog‘ ruhiyat - sog‘lom bola, sog‘ miya ekanligini oila boshi bo‘lgan er ham, qaynona ham, qaynsingil ham tushunib yetishi kerak. Kelin bu malika. Kelinni avlod davomchisini tug‘ib bergani uchun ham e'zozlash, hurmatini joyiga qo‘yish kerakligi millat madaniyatidir», – deydi psixolog Zebiniso Ahmedova.

Turli tadqiqotlarning natijalariga ko‘ra, onalar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va bolalar o‘limining oldini olishga sarflangan har bir dollar, vaqti kelib, sarmoyani ko‘paytirib qaytarar ekan. Bolalarning salomatligiga sarmoya qilish kambag‘allikni kamaytiradi hamda iqtisodiy samaradorlik va o‘sishni ta'minlaydi.

«O‘zbekiston hukumatining bolalar hayotini saqlash borasidagi sa'y-harakatlari maqtovga sazovor. Biroq yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning nobud bo‘lish darajasi hali ham yuqori. Bu nomaqbuldir, chunki yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ko‘pchiligining hayotini saqlab qolish mumkin edi», – deydi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann.

«Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va onalar salomatligini yaxshilash - mamlakatning umumiy rivojlanishi uchun ham juda muhimdir», – deya qo‘shimcha qildi u.

Tadbir ishtirokchilari yangi tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligi holati borasida O‘zbekistondagi vaziyatni tahlil qilishdi. Ular neonatal parvarishni yaxshilash yo‘llarini muhokama qilishdi va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning oldini olish mumkin bo‘lgan o‘limiga chek qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdi.

Taklif qilinyotgan choralar:
•  Tug‘ruq jarayonida onalar hamda hayotining birinchi kuni va birinchi haftasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar parvarishini mustahkamlash va sarmoya yo‘naltirish;
•  Onalar va chaqaloqlarni parvarishlash sifatini yaxshilash;
•  Tengsizlikni qisqartirish maqsadida barcha ayollarni va chaqaloqlarni qamrab olishni ta'minlash;
•  Jamoani jalb qilish, ishtirok etishga asoslangan o‘quv mashg‘ulotlari orqali ota-onalar va oila salohiyatini mustahkamlash;
•  Har bir chaqaloq muhim ahamiyatga ega – hisobga olish, dasturiy kuzatuv va hisobot.

Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari va boshqa mutaxassislar yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun kamsarf va sifatli tibbiyot xizmatlarini ta'minlaydigan, tatbiq etish mumkin bo‘lgan yechimlarni topishga va shu yo‘sinda O‘zbekistonda chaqaloqlar hayotiga o‘zgartirish kiritishga kelishishdi.

Top