15:50 / 11.11.2018
24993

Parijda Birinchi jahon urushi tugaganining yuz yilligi marosimi. Tramp va Putin ham shu yerda

Birinchi jahon urushining tugaganligiga roppa-rosa bir asr to‘lishi munosabati bilan bugun Parijda o‘tkaziladigan xotira marosimiga jahonning turli davlatlari yetakchilari yetib kelishdi.

Kunning ikkinchi yarmida jahon yetakchilari Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan tashkillashtirilgan va «zamonaviy dunyoda taranglik oshib borayotganiga javob bo‘lishi» kutilayotgan Tinchlik forumida ishtirok etishadi.

Birinchi jahon urushi tugaganligiga yuz yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanali tadbir Toshkent vaqti bilan soat 15:00da Parijdagi g‘alaba arkasi oldida start olgan. Unda 70dan ortiq mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda. Ularning orasida AQSh, Turkiya, Rossiya prezidentlari, Germaniya kansleri, BMT bosh kotibi, NATO bosh kotibi, YuNeSKO bosh direktori kabi shaxslar bor.

Yelisey saroyi matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan ro‘yxatga ko‘ra, Parijda Serbiya, Ukraina, Isroil, Avstriya, Finlyandiya, Gurjiston, Latviya, Estoniya prezidentlari, Gretsiya, Ispaniya, Armaniston, Belgiya, Chexiya, Niderlandiya va Kanada bosh vazirlari ishtirok etmoqda.

G‘alaba arkasi oldidagi marosim tugagach, Parijga taklif etilganlar Yelisey saroyida tushlikka borishadi. Tadbirlar davomida 10 mingdan ziyod tartib posbonlari xavfsizlikni ta'minlashmoqda.

Trampsiz forum

Kunning ikkinchi yarmida Parijdagi La-Villet bog‘idagi katta zalda Tinchlik forumi o‘z ishini boshlaydi va u yerda Makron, Merkel va Guterrish so‘zga chiqadi.

Frantsuz OAVlarining xabarlariga ko‘ra, shanba oqshomida Parijga kelgan Donald Tramp Emmanuel Makron bilan muzokaralar olib borib, forumda ishtirok etmaslikka qaror qilgan.

Tinchlik forumining ishi uch kun davom etadi va 13 noyabr kuni tugaydi. Fransiya tashqi ishlar vazirligi saytida qayd etilishicha, forumning maqsadi «Global tartibga solish hisobiga tinchlik sa'y-harakatlarini mustahkamlash va xalqaro taranglikni yumshatish uchun barcha narsalarga yordam berish: transchegaraviy muammolarni yechish uchun davlatlar o‘rtasida hamkorlik, butunjahon merosi obektlaridan birgalikda foydalanish, internetni tartibga solishni va axborot almashinishni yanada yaxshilash»dan iborat bo‘ladi.

Ko‘zlanishicha, forum har yili o‘tkaziladi va «tartibga solish jarayonining barcha faol ishtirokchilarini birlashtiruvchi, tajriba va novatorlik yechimlarini almashinuv platformasi»ga aylanadi.

«Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) xalqaro tashkiloti Tinchlik forumida informatsiya va demokratiya bo‘yicha deklaratsiyani taqdim etmoqchi. Tashkilot BMT tomonidan Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasi taqdim etilganidan 70 yil o‘tib mana shunday tashabbusni ko‘tarib chiqmoqda. Informatsiya va demokratiya bo‘yicha deklaratsiya ustidagi ishlar Nobel mukofoti sohibi Shirin Ibodiy va «Chegara bilmas muxbirlar» bosh kotibi Kristof Deluar tomonidan tashkil etilgan maxsus komissiyasi doirasida olib borilgan.

Halok bo‘lgan parijliklarga yodgorlik

Yana bir muhim voqea - Birinchi jahon urushida halok bo‘lgan parijliklarga ochiladigan yodgorlik bo‘ladi. Balandligi 280 metrni tashkil etuvchi yodgorlik Parijdagi Per-Lashez qabristonida o‘rnatilgan.

«Birinchi jahon urushidan so‘ng Fransiyaning barcha joylarida, barcha kommunalarda frontda halok bo‘lgan askarlarga yodgorliklar o‘rnatilgan. Yodgorliklarda ularning ismlari ko‘rsatilgan. Biroq Parijda bunday yodgorlik o‘rnata olishmagan: halok bo‘lganlar soni shu qadar ko‘p bo‘lganki, aniq ro‘yxatni tuzish imkonsiz bo‘lgan», — degan Parij merining xotirani saqlash masalalari bo‘ycha o‘rinbosari Katrin Ve-Share.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Sorbonna universiteti tarix fakulteti bu urush davomida halok bo‘lganlarning barchasining ismini to‘plash bo‘yicha ulkan ishni amalga oshirgan va 95 mingta nom ro‘yxatga kiritilgan.

Birinchi jahon urushi (1914 yilning 28 iyulidan — 1918 yilning 11 noyabrigacha) jahon miqyosida o‘tgan ilk harbiy mojaro bo‘lgan va o‘sha vaqtda mustaqil bo‘lgan 59ta davlatdan 38tasi urushga tortilgan. Insoniyat tarixida ilk bor ikki materik (Yevroosiyo va Afrika) hududi va ulkan dengiz yuzasini qamrab olgan bu urush jahonning siyosiy xaritasini tubdan o‘zgartirgan. Bu eng qonli va keng miqyosli urushlardan biri bo‘lgan.

Urush davrida armiyalar safiga 70 million kishi mobilizatsiya qilingan, ularning 10 millioni o‘ldirilgan yoki yarador bo‘lib o‘lgan. Eng katta yo‘qotishlarga Germaniya, Rossiya, Fransiya va Avstriya-Vengriya (barcha qurbonlarning 67 foizi) duchor bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top