19:00 / 11.11.2018
3139
«Spartak» yana yutqazdi. Inqiroz davom etmoqda
Foto: Sport Ekspress

Rossiya Premer-Ligasining 14-turida «Ufa» Moskvaning «Spartak» klubini qabul qildi. Ufadagi «Neftyanik» stadionida kechgan uchrashuv maydon egalarining 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. 

O‘yindagi birinchi gol 75-daqiqada Dmitriy Sisuyev tomonidan ochildi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda «Ufa» havbeki Lovro Bizyak ikkinchi golni urdi.

Shu tariqa, «Spartak» Rossiya Premer-Ligasida qatorasiga ikkinchi o‘yinda mag‘lub bo‘ldi. Moskvaliklar 13-turda, qoniqarsiz natijalar tufayli Massimo Karrera ishdan bo‘shatilgandan keyingi ilk o‘yinda o‘z maydonida «Ural»ga 1:2 hisobida yutqazgandi.

Mosvaliklar qatorasiga to‘rtinchi uchrashuvda g‘alaba qozona olmayapti. Bungacha jamoa «Arsenal» va «Ural»ga yutqazishdan tashqari, «Rubin» bilan safarda durang o‘ynagandi. Umuman, «Spartak» RPLning kuzdagi o‘yinlarida (9 o‘yin) atigi 1 g‘alabaga erishgan, 3 marta durang o‘ynab, 5 bor mag‘lub bo‘lgan.

«Ufa» ayni vaqtda 14 ochko bilan Rossiya chempionati turnir jadvalida 14-o‘rinda bormoqda. «Spartak» 19 ochkosi bilan — 10-o‘rinda joylashgan.

Keyingi turda «Ufa» «Orenburg» mehmoni bo‘ladi, «Spartak» Samaraning «Krilya Sovetov» klubini qabul qiladi.

Rossiya chempionati
14-tur
Ufa – Spartak 2:0
 (0:0, 2:0)
Gollar: 1:0 – 75 Sisuyev, 2:0 – 90 Bizyak.
Ufa – Belenov, Jivoglyadov, Nedelcharu, Putsko, Alikin, Tabidze, Till, Paurevich (Bizyak, 62), Karp, Igboun, Sisuyev (Aliyev, 89).
Spartak – Rebrov, Yeshchenko, Kutepov, Djikiya (Bokketti, 82), Melgarexo, Timofeyev, Fernando, Glushakov (Panteleyev, 65), Popov, Luis Adriano (Ze Luish, 71), Xanni.
Ogohlantirishlar: Till (56), Popov (70), Putsko (72), Sysuyev (78), Kutepov (86), Alikin (89).

Top