19:50 / 12.11.2018
9562

Xayriya natijasi: Dilfuzaxon saxovatpesha insonlar yordami bilan Hindistonga jo‘nab ketdi

KUN.UZ sayti orqali «Mahzun ko‘zlar yana kulsin: Dilfuzaxonni sog‘lom hayotga qaytarish uchun moddiy ko‘mak zarur» sarlavhasi ostida xayriya maqolasi e'lon qilingan edi. Unda qizib turgan yoqqa tushib ketgan va buning oqibatida ichki a'zolari jiddiy zarar ko‘rgan Dilfuzaxon To‘rayeva haqida gap ketadi.

Maqola 2017 yilning 22 noyabr kuni e'lon qilindi. Saxovatli, saxiy va savobtalab insonlardan qizchaning Hindistonga borib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazib kelishi uchun moddiy ko‘mak ko‘rsatishlari so‘ralgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, bu xayrli ish amalga oshdi. 17 dekabr kuni Dilfuzaxon o‘z ota-onasi hamrohligida Hindistonga jo‘nab ketgan edi.

Gap shundaki, jarrohlik amaliyoti murakkab hisoblanib, u bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Shu sabab 2018 yilning 11 noyabr kuni Dilfuzaxon Hindistonga tibbiy tekshiruvdan o‘tish va jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun navbatdagi safarga jo‘nab ketmoqda. Yurtdoshlarimizga oq yo‘l tilash maqsadida ularni kuzatishga chiqdik. Dilfuzaxon va oilasi bilan ko‘rishib, suhbatlashdik.

- Boshimizga sinov tushganida dardimizga sherik bo‘lgan barcha saxovatpesha yurtdoshlarimizga tashakkurlar bo‘lsin. Har doim duodamiz. Oilalariga sihat-salomatlik, xotirjamlik tilaymiz. Alloh barchalaridan rozi bo‘lsin. Eng muhimi, ularga yaratgandan tinchlik-omonlik tilaymiz -, deb Dilfuzaxon va uning ota-onasi barcha yurtdoshlarimizga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib o‘tishdi.

Shu o‘rin KUN.UZ ham bu savobli ishga o‘z hissasini qo‘shgan barcha hamyurtlarimizga o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tadi. Azizlar, Dilfuzaxon uchun duoda bo‘laylik. Yaxshilik qilishdan charchamaylik.

Raxmatilla Isroilov tayyorladi

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top