8312.64 USD -2.21

9456.46 EUR +48.21

125.22 RUB +1.37

10578.7 GBP -23.60

13:50 / 12.11.2018 66729

Mardikorni soliqqa tortishning mavridimi?

Foto: Sputnik / Yevgeniy Biyatov

O‘tgan haftada OAVda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidagilar shu vaqtgacha «soya»da bo‘lib kelgan ustachilik, mardikorchilik, kirakashlik, uy xizmatlari va shunga o‘xshash faoliyat turlariga patent joriy etish rejalashtirayotgani, patent narxi bir yilga eng kam ish haqining 4,5 barobari (912 285 so‘m) miqdorida bo‘lishi kutilayotgani haqida xabar tarqaldi.

Ko‘p o‘tmay vazirlik OAVlarda xususiy kirakashlik, kunbay haq to‘lanadigan ishlar va xususiy yollanib ishlaydigan ta'mirlash-qurilish ishlari kabi faoliyat turlari uchun patent kiritilishi rejalashtirilayotgani haqida paydo bo‘lgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma'lum qildi.

Vazirlik bayonotida «ko‘rsatib o‘tilgan mehnat faoliyat turlariga patent joriy etilishi bugungi kunda qonuniy tashabbus hisoblanmaydi va bironta rasmiy hujjatda mavjud emas», – deb aytiladi. Ammo keyingi satrlardayoq «Ayni paytda ushbu masala muhokama etilmoqda va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi doirasida o‘rganib chiqilmoqda», – deb ham yozilgan. Davomida «Qishloq joylaridagi norasmiy bandlik odatga ko‘ra, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida eng keng tarqalgan muammolardan biri sanaladi», – deya qo‘shimcha qilinadi.

Bandlik muammomi?

Shu o‘rinda birinchi savol tug‘iladi – bandlik muammomi?

Iqtisodiy-ijtimoiy voqeligimiz millionlab hamyurtlarimizni «o‘z kunini o‘zi ko‘rish»ga, xususan, vazirlik tilga olayotgan tirikchilik turlari bilan shug‘ullanishga undab kelyapti. Boshqa bir necha million kishi esa uzoq yurtlarda mardikor bo‘lishga majbur. Bu esa qishloqlarimizda otasiz o‘sayotgan bolalar, ersiz kun kechirayotgan ayollar, oilasidan uzoqda ma'nan ezilib, «gastarbayter» maqomini ko‘tarib yurgan yigitlar va boshqa cheki yo‘q ijtimoiy, ma'naviy, psixologik muammolar zanjirining onasidir. Mazkur og‘riqli tafsilotlar mamlakatimizda, xususan o‘sha — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi so‘z ochgan qishloqlarimizda bitta bo‘lsa ham daromad manbaini qadrlamoqni taqozo qiladi. Holat shunaqa. 

Vazirlik bayonotiga yana qaytamiz: «Bu turdagi patentni olish faqatgina ixtiyoriy tarzda amalga oshirilgan bo‘lar edi», – deyilgan.

Shu o‘rinda ikkinchi savol...

Ixtiyoriymi yo ixtiyoriy-majburiy?

Modomiki, mazkur patentni olish ixtiyoriy ekan, yuqorida tilga olingan tirikchilik turlari bilan mashg‘ul bo‘lib yurgan fuqarolarning qancha foizi o‘z ixtiyori bilan mazkur patentni olishga rag‘bat bildiradi? Nima deb o‘ylaysiz? Holatni bilganlar aytadi — deyarli hech qancha. Ma'lum sabablarga ko‘ra, soliq va boshqa davlat idoralari bilan imkon bo‘lsa aloqa qilmaslikni afzal ko‘radigan, huquqiy bilimlari haminqadar odamlarimiz, ayniqsa, qishloq odamlari o‘z xohishlari bilan bunday patentni rasmiylashtirmaydilarku?

Unda bu tashabbusning ma'nosi ne? Yangi tartibni muhokama qilish, ovoza qilish, joriy qilishdan nima foyda? Bu tashabbus negizida keyinchalik ixtiyoriylik emas, balki sekin-asta majburiylikni joriy qilish ko‘zlanmaganmi?

Ammo unda, ma'murchiligimizning o‘ziga xosligini hisobga olib aytish mumkinki, bu narsa mardikorlarni, kechirasiz-u, itdek u yoqdan bu yoqqa quvish «tadbir»lariga olib keladi. Ya'ni, yana qo‘shimcha befoyda ovoragarchilik va yana dunyoga sharmanda bo‘lish, boshqa narsaga emas.

Pensiya masalasi

«Ya'ni, patentni ixtiyoriy ravishda olib, yiliga 912.285 so‘m (oyiga 76.023 so‘m) to‘lagan fuqaro to‘liq bandlik uchun beriladigan mehnat stajiga ega bo‘lishi mumkin. Bunday chora-tadbir yaxlit pensiya tizimi shakllanishiga qo‘shimcha fuqarolar sonini jalb etishga imkon bergan va kelgusida o‘sha fuqarolarning yosh bo‘yicha pensiya olishlarini ta'minlagan bo‘lar edi», – deyiladi ma'lumotnomada.

Pensiya — bu yaxshi. Ammo, yuqorida aytilganidek, ixtiyoriy ravishda mazkur patentni olishga ishtiyoq bildiradigan kishilar sanoqli bo‘ladi va vazirlik aytgandek «kelgusida o‘sha fuqarolarning yosh bo‘yicha pensiya olishlarini ta'minlagan bo‘lardi…» iborasi bu yerda ortiqcha. Majburlash esa o‘sha bizga tanish oqibatlarga olib keladi.

Va nihoyat, umuman...

... mardikor – kim u?

Muqim kasb-kor qilolmay ko‘chada ish izlab yurgan hamyurtlarimizning holatini obektiv tavsiflaydigan bo‘lsak, bu toifaning holati ijtimoiy-psixologik kenglikda ilmiy o‘rganiladigan bo‘lsa, qo‘shimchasiga ularning aksari oilali insonlar ekani, ularning farzandlarining ruhiy holatini o‘ylaydigan bo‘lsak, bu kishilarni qo‘qqisdan soliqqa tortish masalasini emas, balki davlat va jamiyatning bor imkonini ishga solib ularga yordam berish, keng ma'noda ko‘nglini ko‘tarish kerakligini tushunib olgan bo‘lardik.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi aholining mazkur qatlamlarining mavjud holati ustidan tadqiqotlar o‘tkazib, davlat va jamiyatni boxabar qilsa, ularning keng qamrovli reabilitatsiyasi masalalarini o‘sha — davlat va jamiyat oldiga ko‘ndalang qo‘ysa, maqsadga va vazirliklikning bevosita burchiga muvofiq bo‘lardi.

Shokir Sharipov

Top