13:57 / 13.11.2018
13681

Myanma rahbari rohingyalar genotsidi tufayli yana bir oliy mukofotdan mahrum bo‘ldi

Athit Perawongmetha / Reuters / Scanpix / LETA

Huquqni himoya qiluvchi xalqaro tashkilot Amnesty International Myanma rahbari Aun San Su Chjuni «Vijdon elchisi» mukofotidan mahrum etdi. Bu haqda tashkilot saytida xabar qilingan.

Amnesty International bosh kotibi Kumi Naydu Aun San Su Chji Myanma harbiy hukumati tomonidan musulmon-rohingyalarga nisbatan qilingan genotsidni to‘xtatish uchun «o‘z siyosiy va axloqiy nufuzi»dan foydalanmaganini ta'kidlab o‘tgan.

Qayd etish kerakki, Myanmaning fuqaroviy hukumati harbiylarni nazorat qila olmaydi. Ammo Amnesty International tomonidan yozilishicha, Aun San Su Chji ma'muriyati rohingyalarga qarshi nafrat urchishiga hissa qo‘shgan.

Aun San Su Chjiga «Vijdon elchisi» mukofoti 2009 yilda topshirilgandi.

Aun San Su Chji 1989 yil iyulida uy qamog‘iga olingandi. Bir yildan so‘ng uning partiyasi parlament saylovlarida ko‘p ovoz oladi, ammo hukumat ovoz berish natijalarini bekor qiladi. Aun San Su Chji 21 yil davomida bir necha marta ozod etiladi va yana hibsga olinadi. U 2010 yilgacha jami 15 yil muddatni uy qamog‘ida o‘tkazgan, u so‘nggi bor 2010 yilning noyabrida ozodlikka chiqqan. 

U taniqli dissidentga aylangan, Tinchlik uchun Nobel mukofoti va boshqa oliy darajadagi unvonlar bilan taqdirlangan.

Ozodlikka chiqqanidan keyin Aun San Su Chji Myanma hukumatida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatadi, 2016 yili esa uning uchun alohida Myanma davlat maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Shunday qilib Aun San Su Chji amalda davlat rahbariga aylandi.

Aun San Su Chji bungacha ham rohingyalar genotsidi uchun tanqidga uchragandi. Shu tufayli u 2018 yil boshida Kanada fuqaroligidan mahrum bo‘lgandi.

Qatliom va yuz minglab jabrdiydalar
2010 yillar o‘rtalarida Myanmada rohingyalar va arakanlar (islom va buddizmga e'tiqod qiluvchi etnik guruhlar) o‘rtasida to‘qnashuvlar kuchaydi. 2016 yildan Myanma armiyasi ularning nizolariga ochiqchasiga aralasha boshladi. 

Myanmada rohingya aholisi mamlakat fuqarolari deb hisoblanmas, ular Bangladeshdan kirib kelgan noqonuniy muhojirlar, deb atalardi. Ular asrlar osha shu mintaqada istiqomat qilib kelganiga qaramay, fuqarolik huquqlaridan mahrum etilgandi.

Myanma hukumatining harakatlari G‘arbning keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi. 2017 yil martida rohingyalar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish uchun komissiya tuzishga qaror qilindi, ammo Myanma xalqaro inspektorlarni mamlakatga kiritishdan bosh tortdi.

2017 yil 25 avgust kuni Arakan Rohingya ozodlik armiyasi isyonchilari 30ta politsiya blok postlari va armiya bazasiga hujum qilishi oqibatida ikki tomondan jami 71 kishi qurbon bo‘ldi.

Jyenevada BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashining 39-sessiyasi ochilishida BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad Al-Husayn Myanmaning Rakxayn shtatidagi rohingyalarga nisbatan zo‘ravonlikni etnik tozalash deb atadi.

«Myanma inson huquqlari sohasidagi tergovchilarni mamlakatga qo‘yishdan bosh tortar ekan, hozirgi vaziyatni to‘liq baholab bo‘lmaydi, biroq bu vaziyat kitoblarda qayd etilgan etnik tozalash tushunchasiga to‘g‘ri keladi», - dedi u.

Oradan deyarli bir oy o‘tib Bangladesh bosh vaziri Hasin Vazid BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyadagi umumsiyosiy muhokamalarda 800 mingdan ortiq myanmalik rohingya musulmonlari Bangladeshga qochib kelganini ma'lum qildi.

«Biz Myanma hukumatining o‘z chegara hududida rohingyalar qaytib bora olmasliklari uchun mina yotqizayotganini dahshat bilan kuzatyapmiz», - dedi Bangladesh hukumati rahbari. 

2018 yilning 25 avgustida BMT Myanma harbiylari qatliom maqsadida musulmon rohingya xalqini ommaviy ravishda qirgani va zo‘rlaganini ma'lum qildi.

Top