10:41 / 14.11.2018
6809

2019 yilda ijtimoiy xarajatlarga 57,8 trln so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan

Foto: KUN.UZ

2018 yil 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida davlat byudjyetining ijrosi hamda 2019 yilga mo‘ljallangan davlat byudjyeti loyihasi muhokama qilindi.

Ta'kidlanishicha, iste'mol narxlarining o‘zgarishi sababli, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur'ati 111,4 foizni, aholi jon boshiga umumiy daromadlarining real o‘sishi 109,5 foizni tashkil qildi.

Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun davlat byudjyetidan umumiy xarajatlarning 53,4 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi. Bu xarajatlar YaIMga nisbatan 11,8 foizni tashkil etdi. Ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan mablag‘larning 19,0 trln. so‘mi yoki qariyb 65,8 foizi ish haqi va ish haqiga nisbatan ajratma to‘lovlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. 

Deputatlar 2019 yilga mo‘ljallangan byudjyetnoma loyihasini muhokama qilishdi. 2019-2021 yillardagi byudjyet siyosatining maqsadi va ustuvorliklariga e'tibor qaratildi. Xususan, aholining uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, xalq turmush darajasini yanada oshirishga xizmat qiladigan barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, bandlik va aholi daromadlari ko‘payishini ta'minlovchi yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari deputatlar diqqat markazida bo‘ldi.

2019 yilda ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlari ustuvorligi saqlab qolingan holda, davlat byudjyeti xarajatlarining 54 foizi ushbu maqsadlar uchun yo‘naltiriladi. Ijtimoiy xarajatlarga 2019 yilda 57 822,3 mlrd. so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda. 

Ijtimoiy nafaqalar, kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari xarajatlari 5 267,2 mlrd. so‘mni tashkil etadi, bu o‘tgan yilga solishtirganda 58,5 foizga ko‘pdir. Kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam va 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga beriladigan nafaqa oluvchilar sonini ko‘paytirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish uchun 643,5 mlrd. so‘m ajratilishi nazarda tutilmoqda. Bu esa, nafaqalar tayinlanishini 507 ming oiladan 621 ming oilagacha yoki 1,2 marta oshirish imkonini beradi.

Yangi ish joylarini ochish va aholi bandligini ta'minlashni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlarni yaratish maqsadida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjyetidan 300 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish nazarda tutilgan. Bu kabi choralar natijasida har oyda qo‘shimcha 140 ming odamning bandligini ta'minlash, ularning oilalari farovonligini yaxshilash imkonini beradi.

Top