13:15 / 14.11.2018
27226

Qozog‘iston prezidenti: Yaqin Sharqqa katta urush sharpasi qaytishi mumkin

Foto: Akorda

Katta Yevroosiyoning ayrim qismlarida keng qamrovli harbiy mojarolar yuzaga kelishi ehtimoli yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 13 noyabr kuni «Ostona» klubi IV yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, eng «portlashga yaqin» mintaqalardan biri Yaqin Sharq hisoblanadi.

«Beqarorlik Suriyadagi inqiroz, Iroqdagi siyosiy keskinlik, Liviyada davom etayotgan fuqarolik urushi, arab mamlakatlaridagi ichki chaqiriqlarga bog‘liq. Bularning barchasi Eron bilan juda murakkab sharoitda erishilgan yadroviy bitimning buzilishi tufayli keskinlashdi. Jahon hamjamiyati, shu jumladan Qozog‘iston, ushbu hujjat ustida uzoq ish olib bordi. Bizning mamlakat o‘z misoli bilan butun dunyoga yadro quroliga ega bo‘lish xavfsizlikni ta'minlash masalasida yechim emasligini ko‘rsatdi. Qozog‘iston bu quroldan voz kechib, xalqaro hamjamiyat ishonchini qozondi. Kelgusi yilda hal etilmagan muammolar yanada chalkashishi mumkin, bunda Yaqin Sharqqa katta urush sharpasi qaytib kelishi ehtimoli bor», - deya ma'lum qildi respublika rahbari.

Shuningdek, uning ta'kidlashicha, global xavfsizlikka xalqaro terrorizm va ekstremizm tahdid solishda davom etyapti.

«Terrorizmni o‘rganish va terrorizmga munosabat bildirish bo‘yicha Milliy konsorsium ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda dunyoda 10 mingga yaqin terrorchilik hujumi ro‘y berib, ular oqibatida 26 mingdan ziyod kishi halok bo‘ldi», - dedi Nazarboyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2019 yilda Yevroosiyo uchun global tahdidlar ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid
Top