21:51 / 15.11.2018
9461

Ish beruvchi soliq qarzdorligi mavjud emasligi haqidagi ma'lumotnomani talab qilsa, 1008 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling!

Ayrim davlat idoralari ish beruvchilari tomonidan xodimlardan soliq qarzdorligi mavjud emasligi haqidagi ma'lumotnoma talab etilayotgan holatlar ko‘plab uchramoqda. Ma'lumotnoma, asosan, xodimga ish haqi hisoblash paytida talab etilmoqda. Ish beruvchining mazkur talabi qonunda nazarda tutilmagan, deya ma'lum qiladi Adliya vazirligi.

Shu sababli, adliya organlari joylarda bu kabi ma'lumotnomalar talab etilishi holatlari yuzasidan so‘rovnoma asosida monitoring tadbirini o‘tkazdi.

Jismoniy shaxslardan soliq qarzdorligi mavjud emasligi haqida ma'lumotnomalar talab qilinishi mumkin. Bu qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilgan. Masalan:

– fuqarolar turar joylarni almashtirish maqsadida tuman (shahar) hokimligiga ariza berganda yoki mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatsiz 15 yil davomida yer uchastkasiga egalik qilgan shaxs murojaat etganda;

– maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklik amalga oshirilganda;

– ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bitimlari notarial tasdiqlanganda va boshqa shu kabilarda.

2018 yilning iyun oyidan boshlab davlat xizmatlari markazlari tomonidan jismoniy shaxslarga soliq qarzdorligi mavjud yoki mavjud emasligi haqida ma'lumotnomalar berish xizmati joriy etildi. So‘nggi 5 oy davomida markazlar tomonidan 81 mingdan ortiq ma'lumotnoma berilgan.

Monitoring natijalari, asosan, tibbiyot, maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari ish beruvchilari tomonidan shu kabi ma'lumotnomalar talab etilayotganligini ko‘rsatdi.

Xususan, O‘zbekiston tumanida (Farg‘ona) 75 ta va Jondor tumanida (Buxoro) 65 ta holatda tibbiyot muassasalari xodimlaridan ish beruvchilari ma'lumotnoma talab qilganiga doir dalillar aniqlandi.

Bu kabi ma'lumotnomalar talab etilishining sabablaridan biri sifatida, ayrim holatlarda soliq organlarining yer va mulk soliqlarini o‘z vaqtida undirishda amaliy yordam berish haqidagi xatlari asos bo‘lib, bunda xodimlar davlat xizmatlari markaziga murojaat etishga majbur bo‘lishgan.

Bundan tashqari, fuqarolardan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish paytida yer tuzish va kadastr organlari tomonidan bunday ma'lumotnomalarni talab etilgani bilan bog‘liq holatlar ham uchradi.

Shunday qilib, xodimlardan soliq qarzdorligi mavjud emasligi haqidagi ma'lumotnoma talab etilishiga doir holat nafaqat ularning qonuniy huquq va manfaatlariga ziyon yetkazmoqda, balki davlat xizmatlari markazlarida sun'iy navbatlarning ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Aholi uchun esa noqulayliklar tug‘dirib, byurokratik sansalorlikni bartaraf etishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmoqda.

Qayd etish lozimki, manfaatdor idora va tashkilotlar, zarur holatlarda, soliq organlaridan bu kabi ma'lumotlarni so‘rovnoma yuborgan holda mustaqil olishlari mumkin. Bunda, xodimda soliq qarzdorligi aniqlansa, ish beruvchi qarzdorlikni undirish haqidagi sud yoki davlat ijrochisining hujjati asosida uning oylik maoshidan ushlab qolish huquqiga ega.

Hozirda Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish beruvchilar o‘z xodimlaridan har xil ma'lumotnomalarni noqonuniy talab etishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rmoqda.

Hurmatli fuqarolar, agar ish beruvchi Sizdan qonunda belgilanmagan ma'lumotnomalar yoki hujjatlar taqdim etishni talab qilsa yoxud bunga majburlasa, Adliya vazirligining 1008 qisqa raqamli ishonch telefoniga yoki info@minjust.gov.uz elektron pochtasi va ijtimoiy tarmoqlar (Feysbukdagi “Adliya bilan muloqot/Dialog s yustitsiyey” guruhi, Odnoklassniki va boshqalar) orqali murojaat etishingiz mumkin.

Top