08:16 / 15.11.2018
10379

Ramzon Qodirovning Instagram’dagi akkaunti 11 oylik taqiqlovdan keyin qaytarildi 

Foto: TASS/ Mixail Mettsel

14 noyabrda Instagram ijtimoiy tarmog‘i ma'muriyati Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning akkauntini (@kadyrov_95) blokdan chiqardi. Qodirovning aytishicha, uning sahifasiga kirish 11 oylik taqiqlovdan keyin qaytarildi. Qodirov unga sahifasiga taqiqlov qo‘yilgani sababi tushuntirilgani yoki yo‘qligiga oydinlik kiritmagan.

Checheniston rahbarining ta'kidlashicha, har qanday ijtimoiy tarmoq ma'muriyati “aloqalar va erkin muloqotning rivojlanishiga ko‘mak berishi kerak” va “yuz bergan xato” boshqa qaytarilmasligiga umid bildirgan. “Bu vaqt davomida mening millionlab obunachilarim birinchi qo‘llardan ma'lumot olish imkoniyatidan mahrum etildilar”, deb ta'kidlab o‘tgan Qodirov.  

Qodirov sahifasi tiklangandan keyingi birinchi postini to‘pponchasi va uni qanchalik “yaxshi ko‘rishiga” bag‘ishladi.

2017 yil 23 dekabrda Qodirovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi yo‘qolib qolgandi. U buni “ijtimoiy tarmoqning Oq uydagi homiylari harakatlari” bilan bog‘lagan. Bu yuz berishidan sal avvalroq Qodirov AQSh moliya vazirligining “Magnitskiy ro‘yxatiga” tushgan edi.

Chechenistonning milliy siyosat va tashqi aloqalar vaziri Jonpo‘lat Umarov Qodirov akkauntining yo‘qolishini “AQSh davlat departamenti kiberhujumi” bilan tushuntirgan.

Qodirov shundan keyin yangi profil ochgan va obunachilarini Chechenistonda ishlab chiqilgan Mylistory ijtimoiy tarmog‘ida qayd qilinishga chorlagan. Ta'kidlanishicha, bu ijtimoiy tarmoqda deyarli barcha jihatdan Instagramdan nusxa ko‘chirilgan.

Mavzuga oid
Top