07:25 / 16.11.2018
22341

Shimoliy Koreya yuqori texnologik qurolni sinovdan o‘tkazganini ma'lum qildi

Foto: Korean Central News Agency/Korea News Service via AP

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yuqori texnologik qurolni sinovdan o‘tkazishda qatnashdi. Bu haqda Shimoliy Koreya OAVga iqtibos keltirgan holda “Ryonxap” axborot agentligi xabar berdi.   

Ta'kidlanishicha, gap yaqinda ishlab chiqilgan taktik xarakterdagi qurol haqida bormoqda. 

Shimoliy Koreya markaziy televideniyesi uzoq vaqt davomida yaratilgan “eng zamonaviy” qurolning sinovi mudofaa milliy instituti poligonida o‘tganini ma'lum qilgan. “Yuqori texnologik taktik qurol sinovi uning ilg‘or ko‘rsatkichlariga mos ravishda muvaffaqiyatli o‘tkazildi”, deb aytilgan bayonotda. 

Kim Chen In dala sinovlariga 2017 yil noyabrdan beri ilk bor tashrif buyurdi. U so‘nggi marta qit'alararo ballistik raketa otilishi ortidan kuzatgan.

Janubiy Koreya axborot agentligining ta'kidlashicha, Shimoliy Koreya yangi qurolning sinovdan o‘tkazilganini Pxenyanni qurolsizlantirish bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qolgani ortida xabar qilgan. 

12 iyunda Singapurda Donald Tramp va Kim Chen In Shimoliy Koreya AQSh bilan munosabatlar yaxshilanishi va Koreya yarimorolida urush holatining rasman tugatilishiga javoban yadroviy va raketa dasturlarini tugatishga kelishib olishgandi.

Biroq o‘shandan beri aniq qadamlar amalga oshirilmagan: Pxenyan Vashingtondan erishilgan kelishuvlar bajarilishini kutmoqda, AQSh ma'muriyati esa Shimoliy Koreyaning yadroviy qurolsizlanishi bo‘yicha yangi qadamlari yo‘qligidan norozilik bildirmoqda.

Mavzuga oid
Top