11:16 / 17.11.2018
10802

Chempion hikoyalari: Edinson Kavani. O‘tmishga maktub

Men bu xatni hamma «Pelado» deb chaqiradigan bolakayga yozyapman. «Pelado» – «kal», rostdan ham bu bolakayning sochi kam edi, o‘sishi ham juda sekin kechardi.

Aytishim mumkinki, keyingi yigirma yilda futbol hayotingning ko‘p jihatlarini o‘zgartiradi. Ba'zi o‘zgarishlar ijobiy, ba'zilari salbiy. Aynan futbol tufayli sen mana shu laqabingdan ham qutulasan. Bilasanmi, Gabriyel Batistuta degan yigit bor. Sen hali uni bilmaysan, chunki televizorda faqat «Tom va Jyerri» multfilmini tomosha qilasan, xolos. Akang Nando oilangdagilar ichida birinchi bo‘lib Batistuta muxlisiga aylanadi. U sartaroshxonaga borishdan, sochini kalta qilib oldirishdan voz kechishni boshlaydi. Birmuncha vaqt o‘tib, u uzun sochlari bilan maydonda yugurganida g‘irt Batigolni eslatib yuboradi. Juda ajoyib. Nihoyat sen ham onangga qarshi chiqasan – «bo‘ldi, endi sochimni oldirmayman!»

Sen ko‘chadagi o‘z hayoting bilan yashaysan. Sen va oyoqlaring orasidagi koptok. Umuman, Lotin Amerikasidagi har bir bolakayda shu ahvol. To‘g‘ri-da, uyda nima bor? Qiziqarli hech nima. Playstation yo‘q. Katta ekranli televizor yo‘q. Hatto issiq suv ham yo‘q. Issiqlik yo‘q, ayniqsa, qish kunlari faqat to‘rt qavat adyol sizlarga pechka vazifasini o‘taydi. Issiq suv kerak bo‘lsa, ko‘zaga suv olib, kerosin yoqib ishlatiladigan pechkada isitib olish mumkin xolos. Shundayam, issiq va sovuq suvning nisbatini to‘g‘ri olishni o‘rganish kerak. Shu tariqa, ximikka aylanib ketasan, ishonaver.

Xonangga turli rasmlarni, plakatlarni yopishtira olmaysan ham. Axir har 2-3 yilda yo ijara qimmatlik qiladi, yoki otangning ish joyi o‘zgaradi, doim boshqa uyga ko‘chishga to‘g‘ri keladi-da...

Lekin yaxshi tomonini aytaymi? Qayerga ko‘chib borishlaringdan qat'i nazar, o‘sha uy oldida baribir yalanglik bo‘ladi. To‘p bo‘ladi. Hech qaysi ijaraga beruvchi buni sizdan mosuvo qila olmaydi. Yana nima kerak, to‘g‘rimi?

Eng zo‘ri, agar nomini to‘g‘ri eslayotgan bo‘lsam, The Ice Cream Goal edi. Bu juda ajoyib o‘yin, balki «PSJ»da ham uyushtirib ko‘rish kerak. Ajoyib motivatsiya! Bu Saltodagi  yoshlar ligasi tashkilotchilaridan chiqqan g‘oya edi. Natija qanday ketayotganidan qat'i nazar, olti yoshli bolakaylarning o‘yinga bo‘lgan qiziqishini qanday ushlab turish mumkin? Bir qoida qo‘shiladi – o‘yinda so‘nggi golni urgan bolaga muzqaymoq sovg‘a qilib beriladi.

Hisob 8:1 bo‘lishi ham mumkin, farqi yo‘q. O‘yin oxirigacha hal qiluvchi golni urish va muzqaymoq yutib olish istagi seni boshqaradi. O‘sha kuni sen g‘olibsan, hammaning ichida qirolsan. Hamma senga havas bilan qaraydi.

Salto poytaxt emas. Montevideodagi bolalar albatta, boshqa dunyoda yashashadi. Sen u yerdagi hayotni tasavvur ham qila olmaysan. Adidas butsalari, avtomobil poygalari... Saltoda hammasi boshqacha. Negadir barcha bolalar oyoqyalang futbol o‘ynashni yoqtiradilar. O‘yin boshida hamma oyoq kiyimini kiyib olgan, ammo tanaffusga yaqin, qarasang, bir burchakda bir to‘p butsalar yig‘ilib yotgan bo‘ladi. Ishonasanmi, hozir ham ko‘zlarimni yumsam, oyog‘im ostidagi tuproqni his qilaman. Yuragimning urishi, muzqaymoq yutib olish orzusidagi hayajon – barchasini ko‘z oldimga keltira olaman.

Sen Lotin Amerikadan bo‘lganing uchun, bu tuyg‘u seni hech qachon tark etmaydi. Sen Urugvaydansan. Salto shahridan. Boshqalardan farqli jihatlaring shundaki, har bir urugvaylikning dam olishga, o‘zini bo‘sh qo‘yishga haqqi yo‘q. Bizning futbolimiz, mamlakatimiz tarixi shuni dalolat qiladi. Libosni kiygan har bir urugvaylik o‘z mamlakati tarixiga faxr tuyg‘usi tuyadi. Sen doim olg‘a, olg‘a va olg‘a yurishing kerak. 

Sen Nando akang kabi Montevideoda o‘ynamoqchimiding? Bu orzuing amalga oshadi. Sen Yevropada o‘ynashni istaysan. Buni ham amalga oshirasan va o‘z hayoting va oilang hayotini o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lgan pulni topasan.

Sen terma jamoada o‘ynashni orzu qilasan. Bu ham bir kun sodir bo‘ladi, senga bu jamoa libosida ham quvonch, ham qayg‘u ko‘z yoshlarini to‘kishing nasib etadi. Jahon chempionatida o‘ynash? Bo‘ladi. Oldindan aytib qo‘ysam qizig‘i qolmas, lekin 2010 yildagi jahon chempionatidan ajoyib xotiralar qoladi, shuni bilib qo‘y.

Sen ko‘p pul topib, qimmatbaho mashinalarda yurib, besh yulduzli mehmonxonalarda yotging keladimi? Pelado, bolakay, sen bularning hammasiga erishasan. Ammo...

Bilasanmi, bularning hammasi seni to‘laqonli baxtli qilishga yetmasligi mumkin. Balki senga g‘alati tuyular, ammo hozir, sening shu to‘qqiz yoshliging... Men 31 yoshimda senga havas qilaman, o‘sha kunlarga qaytib qolishni istayman.

Ha, senda issiq dush yo‘q, cho‘ntagingda bir dollar puling ham yo‘q. Hatto soching ham uzun emas, bilaman. Ammo senda bahosi yo‘q bo‘lgan boshqa narsa bor. Sen -  erkinsan.

Bolalikdagi faolliging, orzularing, energiyangni katta bo‘lganda topish qiyin. Inson ulg‘aygan sari, o‘sha holatda qolishni istaydi, ammo tushunchalarimiz o‘zgarib, o‘sha beg‘uborlikni yo‘qotib qo‘yamiz. Mas'uliyat haddan tashqari ko‘payib ketadi. Bosim ko‘payadi. Hayot qaynaydi, vaqt yo‘q.

Hayotim qanday o‘tayotganini aytib beraymi? Ertalab turib, mehmonxonadan mashg‘ulot bazasiga avtobusda borasan. Keyin u yerdan avtobusga o‘tirib, samolyotga, keyin u yerdan boshqa avtobusga, keyin stadionga. Ko‘p jihatdan xuddi tush ichida yashayotgandek. Shunchaki, ko‘chaga chiqib, quyosh nuridan bahra olish ham qiyin bo‘lib qolgandek... Oyoqdagi butsani chiqarib, oyoqyalang koptok tepishning iloji yo‘q. Bu qiyin.

Yoshligingda, yetarlicha mol-mulk va boylikka ega bo‘lgan inson eng baxtli va eng muvaffaqiyatli deb o‘ylaysan. Unday emas ekan. Katta bo‘lganingda tushunasan – yashab turgan hayotidan bahra olish kerakligini tushuna olgan inson eng baxtli va muvaffaqiyatlidir.

Katta bo‘lib, professional futbolchi bo‘lib yetishganingda, yoshligingda orzu qilgan barcha narsaga ega bo‘lasan va albatta, buning uchun minnatdor bo‘lishing kerak. Ammo yana bir haqiqatni aytmasam bo‘lmaydi, hozir ham, men uchun shunday vaqt va joy borki, o‘zimni butkul ozod va erkin his qila olaman. Bu vaqt to‘qson daqiqa davom etadi odatda.

Tuproqda o‘ynaysanmi, Salto yoki Neapoldagi stadionmi, farqi yo‘q, oyoqlaringga butsani kiyib, maydonga kirib kelayotganingda, otangning so‘zlarini eslagin...

U senga doim o‘yin oldidan nima derdi? Bilasan-a?

«Sen mana shu oq chiziqdan uyog‘iga o‘tishing bilan, yodingda tut, bu shunchaki futbol. Shu chiziq tashqarisidagi hech narsa uning ichkarisida senga yordam bermaydi. Boshqa hech narsa yo‘q», – deydi u.

Agar sen shu so‘zlarni qulog‘ingga quyib olsang, ishon, hatto ba'zida bosim oshib ketgan paytlarda ham, millionlab nigohlar qarshisiga chiqish kerak bo‘lsa-da, sen maydonga chiqqaningda, go‘yoki butsani ham kiymagan oyoqyalang bolaga aylanasan. Oyoqlaring ostidagi muzdek tuproqni his qilasan.

Qalbingning urishi ham eshitila boshlaydi. Sen dunyodagi eng muhim sovrin uchun maydonga tushgan bo‘lsang-da, xuddi muzqaymoq uchun kurashayotgan bolakay kabi to‘pni boshqarib ketaverasan...

Hurmat bilan, Edi.

ThePlayersTribune materiali asosida

Mavzu
G‘oliblar tarixi
Hayotda o‘z intilishlari va irodasi kuchi bilan muvaffaqiyatga erishgan shaxslar bisyor. Ularning har birining qiziq tarixi va hikoyasi bor
Barchasi
Mavzuga oid
Top