23:21 / 18.11.2018
21232

Infantino jahon futbolini pullamoqda - FIFA rahbari yangi mojarolar komida

FIFA prezidentiga bugun yana bir kuchli zarba berildi. Bu safar Germaniyaning Suddeutsche Zeitung va WDR nashrlari u haqidagi materiallarni ommaga oshkor qildi, deb yozadi «Sport Ekspress».

Janni va mojarolar

So‘nggi paytlarda shveysariyalik Janni Infantinoning ismi g‘arb ommaviy axborot vositalarida tez-tez tilga olinadigan bo‘lib qoldi, olinganda ham maqtov yuzasidan emas aslo. Uni yaqinda 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida qatnashuvchi terma jamoalar sonini oshirish istagi uchun keskin tanqid qilib chiqishgandi. Ikki yangi turnir — Jahon millatlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘rnini bosuvchi 24ta jamoadan iborat Superliga g‘oyalari uchun uni mag‘zavaga bulg‘ashdi. U bu loyihalarning moliyaviy ikir-chikirlarini oshkor etishdan bosh tortganida, o‘ta yopiqliq va fitnalarda ham ayblandi.

Football Leaks ma'lumotlari sizdirilgach, ularga Infantino UYeFAning bosh kotibi chog‘larida duchor bo‘lgan muammo va ishlar ham qo‘shildi. Bular Angliyaning «Manchester Siti», Fransiyaning «PSJ» klublari tomonidan moliyaviy feyr-pley va unga amal qilish (to‘g‘rirog‘i, unga amal qilmaslik) kabi masalalardir. Go‘yoki Janni bularning barchasidan xabardor bo‘lgan, lekin har ikki klubning arab shayxlaridan bo‘lgan xo‘jayinlari bilan til topishib, ularga keragidan ortiq huquq berib, jazodan ham qutulib qolib, kechalari tinchgina uxlab yurgan.

Tabiiyki, Infantino ayrim ayblovlarni qulog‘ining yonidan o‘tkazib yuborgan (uning pozitsiyasidan qaralganda to‘g‘ri ham qilgan), boshqalariga esa savodli yozma javob bergan.

FIFA prezidenti saylovlari

Xo‘sh, nima bo‘lyapti? Mulozim tomon bunday to‘pga tutishlarning boisi nima?

Sabablar bir nechta. Yuzada joylashganlaridan biri: saylovlar. FIFA prezidenti saylovlari.

2018 yilning 10 iyunida Xalqaro futbol federatsiyalari ittifoqi belgilanganidek saylovoldi jarayoni boshlanganini e'lon qildi. Bu haqda 11 iyun kuni barcha a'zolar va konfederatsiyalar aylanma xat bilan xabardor qilindi.

13 iyun kuni saylovoldi davri boshlandi. Hozir biz shu davrdamiz. 2019 yilning 5 fevraliga kelib, nomzodlar bo‘yicha barcha talabnomalar Tsyurixga kelib tushishi kerak. 5 may kuni FIFA prezidenti lavozimiga nomzod sifatida tasdiqlanganlarning ro‘yxati oshkor etiladi.

Nihoyat, kelgusi yilning 5 iyun kuni FIFAning Parijda bo‘lib o‘tadigan 69-kongressida saylov o‘tkaziladi.

Infantinoning FIFAda ham, futbolda ham amalga oshirayotgan ishlaridan unchalik xursand bo‘lmayotganlar yetarli ekanligini inobatdan soqit qilmaslik kerak.

Hokimiyat va pul uchun kurashni ham hech kim bekor qilganicha yo‘q. HNH —  hasad, nafs va hokimiyatga intilish. Insonni halokatga boshlovchi HNH virusi futbolda ham bor.

Jahon futbolida qanday pullar aylanayotganini tasavvur qilib ko‘rish qiyin emas. Infantino tomonidan ilgari surilayotgan 25 milliardning o‘zini eslash kifoya.

Darvoqe, mulozimning atrofida bo‘layotgan gap-so‘zlarning sababi shu ham bo‘lishi mumkin. Loyihaning dushmanlari juda ko‘p. Agar Janni ular keltirayotgan vajlarga quloq solmasa, ular OAVda kompromat yoki shunga o‘xshash narsa e'lon qilib yuborishlari mumkin.

25 milliard dollar-a?!

Nemis OAViga qaytaylik. Suddeutscher Zeitung va WDR nashri ma'lumotiga ko‘ra, ikki loyihani (jahon Millatlar ligasi va Superliga) 12 yil ichida rivojlantirish uchun ajratilgan 25 milliard dollar evaziga investorlar ayni damda FIFAga tegishli bo‘lib turgan barcha narsaga ega chiqishadi. Barcha huquqlarga! Raqamli va arxivli, barcha filmlarga, videomateriallarga, kompyuter o‘yinlariga, tijoriy bo‘ladimi, imijga doir bo‘ladimi — har qanday translyatsiyaga ham! Bo‘lg‘usi jahon chempionlarini o‘tkazish huquqiga ham!

Agar nemislarga ishonadigan bo‘lsak, Infantino jahon futbolini butunligicha pullab yubormoqchi. 25 milliard dollar evaziga. Kimligi noma'lum bo‘lgan shaxslarga.

Shveytsariyalikning o‘zi taklifini reklama qilar ekan, pullar faqat yangi turnirlarni o‘tkazish uchun ajratilayotganini bir necha bor takrorlagan. Bu holatda potensial moliyachilarning nomini oshkor qila olmasligini aytgan, bu sirni oshkor etmaslik haqidagi hujjatga qo‘l qo‘yganini ta'kidlagan.

Tabiiyki, FIFA prezidentining bunday pozitsiyasi FIFA Kengashining ko‘plab a'zolariga tushunarsiz bo‘ldi. Infantinoga UYeFA qat'iy qarshi chiqdi. Dahanaki janglar shu qadar qizidiki, munosabatlarni uzib, bugungi kunda mavjud bo‘lib turgan jahon futbolidagi boshqaruv tuzilmasi barbod bo‘lishi haqida gap-so‘zlar chiqa boshladi.

Lekin Janni ochiqdan-ochiq kurashga kirishmadi. Hozircha tilga olib o‘tilgan ikki loyihani o‘rganayotgan ishchi guruh tuzilgan. Boshqa hech narsa.

Investorlar borasida esa mish-mishlar bor, xolos. Ular badavlat arablar va ular bilan bog‘liq yapon banki emish.

Agar ixtiyoriga allaqanday maxfiy hujjatlar kelib tushgan nemis jurnalistlariga ishonsak, FIFA Kengashi o‘z prezidenti takliflariga rozi bo‘ladigan bo‘lsa, bu «xaridorlar» butun futbolning moliyaviy boshqaruvini qo‘lga kiritadi. FIFAning o‘zi esa «tijoriy mag‘z»dan judo bo‘lgan bo‘sh tashkilotga aylanadi. Darvoqe, bu holda huquqlar yangidan tuzilgan konsorsium ixtiyoriga o‘tadi va unga… Infantino kuzatuv kengashi raisi sifatida rahbarlik qiladi.

Jurnalistlar ixtiyorida FIFAning yuqori martabali ikki sobiq yuristi — Marko Filliger va Yorg Follmyullerning hisobotlari bor. Ular 25 milliard dollar bilan bog‘liq barcha tahdid va kamchiliklarni puxta o‘rganib chiqishgan va salbiy xulosa berishgan. Shundan so‘ng ular FIFAdan bo‘shashgan (yoki bo‘shatilgan).

Qiziq, yaqin oylar mobaynida Infantino haqida yana qanday qiziqarli yangiliklar eshitar ekanmiz-a?..

Top