12:40 / 18.11.2018
11611

Tramp AQSh Qoshiqchining qotili kimligini ikki kun ichida ma'lum qilishini aytdi

Foto: AP Photo/Pablo Martinez Monsivais

AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh tez kunda Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulxonasida jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha "juda batafsil hisobot"ni e'lon qilishini bildirdi.  

Tramp hisobotda "bu ishni kim qilgani" [jurnalistni kim o‘ldirgani] haqidagi ma'lumot bo‘lishini aytdi. 

"Dahshatli voqea – jurnalistning o‘ldirilishi sodir bo‘ldi. Bizda ikki kun ichida, ehtimol, dushanba yoki seshanba kuni to‘liq hisobot bo‘ladi", dedi AQSh prezidenti va hisobot seshanba kuni bo‘lishiga aniqlik kiritdi.

Qo‘shma Shtatlar prezidenti shanba kuni Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jina Xespel bilan suhbatlashganini tasdiqladi. Tramp OAVda MRBning xulosalari haqida chiqarilgan xabarlarni "dastlabki" xabarlar deb atadi.

"Ular [MRB] hozircha hech narsani aniqlashgani yo‘q. Hali juda erta", - dedi u.

Avvalroq OAVda Markaziy razvedka boshqarmasi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Jamol Qoshiqchini o‘ldirish haqida buyruq berganini aniqlagani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi

Mavzu
Jamol Qoshiqchining o‘limi
The Washington Post nashri uchun ishlaydigan jurnalist Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosiga kirib ketgach, izsiz yo‘qoldi
Barchasi
Top