13:28 / 19.11.2018
19140

AQSh kongressida ilk bor «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» tuzildi

Foto: TIV axborot xizmati

2018 yilning 19 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatda bo‘lib turgan «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» hamraislari Trent Kelli va Visente Gonsalez boshchiligidagi AQSh Kongressi Vakillar palatasi a'zolari guruhi bilan uchrashdi.

TIV xabariga ko‘ra, delegatsiya tarkibidan Vakillar palatasi muhim qo‘mitalarining respublikachi va demokratlar a'zolari o‘rin olgan.

Vazir, avvalo, kongressmenlarni yaqinda bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlarda qayta saylanganlari bilan tabrikladi va AQSh Kongressining quyi palatasida ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor «O‘zbekiston bo‘yicha kokus»ning tuzilganligini e'tirof etdi.

Bo‘lib o‘tgan suhbatda prezident Shavkat Mirziyoyevning may oyidagi AQShga rasmiy tashrifi va uning prezident Donald Tramp bilan olib borgan sermahsul muzokaralari natijasida keng qamrovlik va jadallik kasb etayotgan O‘zbekiston-Amerika kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda o‘zbekistonlik va amerikalik parlamentariylar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi izchil rivojlanayotgan hamkorlikning ijobiy jarayonlarni qonuniy mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Suhbatda AQShning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Alan Melser ishtirok etdi.

Top