19:25 / 19.11.2018
62050

Fermer qasamyod qilishi lozimmi?

Foto: sirdaryo24.uz

Izohli lug‘atdan: «Qasamyod – harbiy yoki boshqa shu turdagi xizmatga kirayotganda, ma'lum bir statusni olayotganda (masalan, fuqarolik olayotganda yoki sudda guvohlik berayotganda), lavozimga tayinlanayotgandagi rasmiy va tantanali ont ichish marosimi. Qasamyod faqat ommaviy tarzda (omma ko‘z o‘ngida) amalga oshiriladi va qasamyod qiluvchiga uni – qasamyodni ado etmagani uchun yuridik javobgarlikni yuklaydi».    

Demokratik tuzumlarda qasamyod ko‘p uchramaydigan tadbir bo‘lib, faqatgina mas'uliyat hajmi ulkan bo‘lgan, mas'uliyatsizlik oqibatida jamiyat katta talofat ko‘rishi mumkin bo‘lgan holatlarda hamda sudda – haqiqatni yuzaga chiqarishga safarbar etilgan idoradagina qo‘llanadi. Prezidentlar va harbiylar xalq oldida, sudda ishtirok etuvchilar Haq oldida qasamyod qiladi.

Boshqa holatlarda demokratik jamiyatlar kishini qasamyod qilishga majbur etmaydi. Zero ko‘pchilikning – jamoatchilikning fikriy salohiyatiga qurilgan, har bir shaxsning ichki iqtidorini yuzaga chiqarish ila rivojlanishni qasd qilgan jamiyatlar uchun jamiyat a'zosini qasamga tayashning nafaqat hojati yo‘q, balki mazkur jamiyatlarning maqsad-tamoyillariga zid hamdir.

Shaxsni ma'nan cheklash, qasamga tayash – ma'lum ishlarga majburlash uchun uni ma'nan tor «xonaga» solib maqsadga erishishga urinish totalitar tuzumlarga xos bo‘lgan odatdir. Qizig‘i shundaki, mazkur «chora»lar teppa-teskari natija beradi – cheklovlar natijasida rivojdan to‘xtagan, shaxsiy sifatlariga putur yetgan kishilardan iborat tizimlar tezda buzilib, ishlamay qoladi va nihoyat, keng qamrovli bo‘hronga yuz tutadi.    

«Ajabo!» –  Sirdaryoda hokim va prokurorlar oldida mahalliy fermerlar qandaydir qasamyod qabul qilishganini eshitib, ko‘pchiligimiz bexosdan shu so‘zni aytgan bo‘lsak ajab emas. Shu o‘rinda «fermer» tushunchasiga aniqlik kiritsak.

«Fermer (ingl. farmer) — yerga egalik qilib yoki ijaraga olib, o‘zining qishloq xo‘jalik faoliyatini yurituvchi tadbirkor-dehqon. Oddiy dehqondan farqli fermer o‘zining tovar xo‘jaligini to‘liqligicha bozor talabiga yuzlangan holda yuritadi».

«Fermer» so‘zining qisqa va lo‘nda ta'rifidan biz fermer avvalo tadbirkorlik sub'yekti ekanligini bilib oldik. «Tadbirkor» tushunchasini esa lug‘at «ishlab-chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida foyda ko‘rish maqsadida o‘zining biror faoliyatini yurituvchi shaxs» deb ta'riflaydi va barcha tavakkalchilikni o‘z zimmasiga olishini ham ta'kidlaydi.

Endi, bu jihatlarni bilganimizdan keyin, fermerning hokim va prokuror oldida qasamyod qilishi holatini qaysidir bir mantiqqa bog‘lash ilojsiz ish. Bu yerda hech bir mantiq yo‘q. Bu yerda faqat mahalliy mansabdorlarning eski tuzumdan qolgan odatlarini, eski voqelikni yangisiga tatbiq qilishga urinishini ko‘ramiz, xolos. Natijasi esa o‘sha – yana bir bor dunyo hamjamiyatiga kulgi bo‘lish bo‘ladi.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid
Top