10:46 / 21.11.2018
10761

Sharof boboning oilaviy kutubxonasi bolalar bilan doimo gavjum - video

82 yoshli Sharof bobo Mamadaliyev Samarqand tumanining Talibarzui Poyon mahallasida istiqomat qilib kelmoqda. Sharof bobo o‘z xonadonida oilaviy kutubxona ochib, tillarga tushdi. Bu haqda KUN.UZ avval ham yozib chiqqan edi.

Kutubxonaning asosiy tashrifchilari maktab yoshidagi bolalardir. Chunki kutubxonadan foydalanish mutlaqo tekin.

— 25 nevara, 45 chevaraning bobosiman. O‘zimning nevara-chevaralarim kirib kelsa ham kutubxonam to‘lib toshib ketadi, — deydi Sharof bobo. — Hajga borish niyatim bor edi. Lekin yoshim ketib qoldi, ochig‘i, endi umidimni uzdim. Prezidentimizning so‘zlaridan ilhomlanib, xalqqa foydam tegsin, deya ushbu kutubxonani tashkil etdim.

Sharof boboning asosiy maqsadi — yosh avlodda kitobga, mutolaaga mehr uyg‘otish. Ayni paytda kutubxonaga yon atrofdagi yetti mahalladan katta-kichik kitobxonlar kelishmoqda.

Kitobxonadagi kitoblar soni 3000 donaga yaqinlashgan. Ular to‘rt tildagi badiiy adabiyotlar, turli ensiklopediyalar, darsliklar, bolalar adabiyoti namunalaridan iborat.

— Bu kitoblarning aksariyatini o‘zim yoshlikdan o‘qib yig‘ganman. Chunki yoshlikdan mutolaaga mehr qo‘ygan edim. Yangidan qo‘shilgan kitoblarning katta qismi bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlardir. Kutubxonada Samarqanddagi «Kitob olami» do‘koni, kitobxonlarning sa'y-harakati bilan bolalar uchun mo‘ljallangan badiiy kitoblarni ko‘paytirishga erishdik, — deydi Sharof bobo Mamadaliyev.

Mahalla ahli, ayniqsa, bolajonlar kitoblarni o‘qishga olib ketganidan so‘ng, o‘zlari ham kutubxonaning kengayishiga hissa qo‘shish maqsadida, kitob qo‘shib qaytarishmoqda.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Samarqand tuman kengashi va turli homiylar kutubxona fondini boyitishda yordam ko‘rsatishmoqda. Sharof bobo o‘z pensiyasi hisobidan ham kitoblar xarid qilgan.

Oilaviy kutubxonada shaxmat-shashka to‘garagi ham yo‘lga qo‘yilgan. Eng faol kitobxonlar va shaxmat-shashkachilar uchun a'lochilar taxtasi osib qo‘yilgan. Kitobsevar bolalardan biri o‘zi yodlagan she'rlardan  aytdi.

— O‘qish uchun olingan kitoblarni jurnal yuritib qayd qilib boramiz. Har ellikta kitob o‘qigan bolaga faxriy yorliq taqdim etiladi. Uning suratini a'lochilar taxtasiga joylashtiramiz. Bu ham bolalarning uchun kitob o‘qishida rag‘bat uyg‘otishda muhim omil bo‘lmoqda, — deydi Sharof bobo.

Farzandlari va sanog‘i yo‘q nabira-chevaralari qurshovida Sharof bobo va umr yo‘ldoshi Mahbuba Muxtorova bilan keksalik gashtini ana shunday maroqli surishmoqda. Biz bunday xayrli tashabbus boshqalarga o‘rnak bo‘lishini, yurtimizning har bir go‘shasida palak yozishini istaymiz.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top