17:02 / 21.11.2018
8146

O‘zbek olimlarining qon quyish stansiyalari va tibbiy muassasalar amaliyotiga joriy etish uchun mo‘ljallangan noyob ishlanmasi

Millatning sog‘lig‘i haqida qayg‘urish butun bir tadbirlar majmuini nazarda tutadi, ulardan biri – turli tibbiy harakatlar paytida viruslarni yuqtirmaslik bo‘yicha xavfsizlikni oshirishdir. Biz bu mavzuni o‘zbekistonlik olimlarning innovatsion ishlanmasi – Safo Nur qurilmasi haqidagi maqolamizda ko‘tarib chiqqan edik. Ushbu ishlanma New Medical Technologies mutaxassislarining kuchi bilan yaratilgan bo‘lib, uning yordamida tibbiy uskunalar, shu jumladan kompozit materiallardan tayyorlangan uskunalar ham kasallik tug‘diruvchi viruslar, bakteriyalar, zamburug‘lar va endosporalardan zararsizlantiriladi.

Safo Nur qurilmasining samaradorligini baholashda noyob usul qo‘llanadi, u haqda bizga Safo Nur qurilmasining yaratuvchisi va “Limfotrop xususiyatga ega viruslarni aniqlash va ularning yashash qobiliyatini baholash usuli”ning muallifi, tibbiyot fanlari doktori, professor Narimon G‘ulomovich G‘ulomov batafsil gapirib berdi.

  • Narimon G‘ulomovich, nega yangi metodikani ishlab chiqish zarurati paydo bo‘ldi? Nazorat qilishning mavjud muqobil metodlari yetarli emasmidi?

Bugungi kunda O‘zbekistondagi tibbiy muassasalarda qo‘llanadigan IFT va PZR metodlari infeksion kasalliklar diagnostikasida ilg‘or metodlar hisoblanadi, biroq ular ham kamchiliklardan mustasno emas. Ularda sezgirlik “chegarasi” mavjud, ya'ni reaksiyaning ishonarli ijobiy natijasini olish uchun ushbu metodlarning har biri biologik materialning tadqiq qilinadigan hajmida muayyan miqdordagi antitanachalar yoki virusli zarralar bo‘lishini talab qiladi. Agar biologik materialda antitanachalar yoki virusli zarralar miqdori IFT yoki PZR metodining sezgirlik “chegarasi”dan past bo‘lsa, reaksiya natijasi shubhali yoki yolg‘on-salbiy bo‘lishi mumkin, bu esa diagnoz qo‘yishda xatoliklarga olib keladi. Bu ayniqsa donorlarning qonini virusli infeksiyalar bor-yo‘qligiga testdan o‘tkazishda juda muhim.

Safo Nur qurilmasi ishlab chiqilayotgan paytda oldimizga viruslarning yashash qobiliyatini baholashni ta'minlovchi nazorat metodini taqdim etish talabi qo‘yildi. Qurilma analoglari bo‘lmagani bois, oldimizga limfotrop viruslarni aniqlash va ularning yashash qobiliyatini baholash usulini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi; limfotroplik — bu viruslarning limfotsitlarga kirish va replikatsiyalanish, ya'ni ularning ichida ko‘payish qobiliyatidir.

Ushbu usul asosida V (HBV) va S (HCV) gepatiti viruslarining hamda odam immun tanqisligi virusining (HIV) limfotrop xususiyatlari yotadi. Oxir-oqibatda biz “Limfotrop viruslarni aniqlash va ularning yashash qobiliyatini baholash usuli”ni ishlab chiqdik, u:

  • Limfotrop viruslarning (HBV, HCV va HIV) yashash qobiliyatini baholash;
  • PZR sezgirlik “chegarasi”dan past bo‘lgan viruslar miqdoriga ega biologik muhitlarda limfotrop viruslar bor-yo‘qligini PZR metodi yordamida aniqlash;
  • Donorlarning PZR sezgirlik “chegarasi”dan past bo‘lgan viruslar miqdoriga ega limfotrop viruslar bilan zararlanganligini aniqlash;
  • PZR metodining yolg‘on salbiy natijalarini mustasno qilish imkonini beradi.

Odamlarni HBV, HCV va HIV viruslari bor-yo‘qligiga testdan o‘tkazayotganda yolg‘on salbiy natijalarni istisno qilish imkoniyati qon donorlarida viruslarni aniqlashda o‘z qo‘llanishini topdi. O‘tkazilgan tadqiqotlar protokollarining mavjud natijalari bugungi kunda bizning metodimiz eng samarali ekanini va unga o‘xshash metodlar yo‘qligini ta'kidlashga asos beradi.    

Shuni alohida qayd etish kerakki, bizning loyihamiz ta'sischimiz va Safo Nur qurilmasi patentining egasi Ovik Leonardovich Mkrtchyanning amaliy qo‘llab-quvvatlashi tufayli amalga oshdi va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. U tez foyda olishga mo‘ljallanmagan, biroq qon va uning komponentlarini quyishda odamlarning virusli infeksiyalarga chalinishining oldini olish uchun xizmat qiladigan ushbu innovatsion loyihaning istiqbollarini ko‘ra oldi.

  • Qo‘llanish sohasi – ushbu metodni joriy etish qaysi tibbiy muassasalar uchun dolzarb?

O‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari “Limfotrop viruslarni aniqlash va ularning yashash qobiliyatini baholash usuli”ni qo‘llashda quyidagi yo‘nalishlarni ko‘rib chiqishga asos beradi. U davolash muolajasini olgan va viruslarga qarshi terapiyadan keyin qondagi viruslar yuklamasi keskin tushib ketadigan davolash ishlarining samaradorligini baholashni xohlovchi bemorlar uchun oddiy klinikalarda diagnostika ishlarida samarali qo‘llanishi mumkin. Biroq viruslar qonda IFT va PZRning sezgirlik chegarasidan past darajadagi konsentratsiyalarda qolishi va aniqlanmasligi mumkin.  «Limfotrop viruslarni aniqlash va ularning yashash qobiliyatini baholash usuli» bemorlarning organizmida virusli zarralarni ishonchliroq tarzda aniqlash imkonini beradi.

Barcha darajadagi qon quyish stansiyalari amaliyotiga “Donorlar qonini testdan o‘tkazishda IFT va PZRning yolg‘on salbiy natijalarini istisno qilish usuli”ni joriy etish donorlar qonida viruslarni to‘liq aniqlashni ta'minlaydi. Bugungi kunda qon quyish punktlarida qo‘llanayotgan metodlar xatolikning yuqori darajasini ko‘zda tutadi: donor virusni yuqtirgan bo‘lishi, lekin uning qonida antitanachalar va antigenlar kam bo‘lishi mumkin, IFT yoki PZR metodlari ularni sezmaydi va yolg‘on salbiy natijani chiqarib beradi. Donorlarning qon plazmasi va undagi limfotsitlar tarkibining PZR natijalarini solishtirma tahlil qilish ishlari, qon plazmasini testdan o‘tkazganda, ushbu testda qatnashgan har 100 nafar donorga o‘rtacha 17 ta yolg‘on salbiy natija olish holatini ko‘rsatdi. Demak, qon plazmasining PZRida retsipiyentlarning viruslarni donorlar qoni yoki uning komponentlari orqali yuqtirish xavfi haddan tashqari yuqori.  

Quyish uchun mo‘ljallangan qon komponentlari biror-bir virusdan xoli bo‘lishi kerak, demak bunda virus bor-yo‘qligini baholashning eng aniq metodlari talab qilinadi. Biz tomonimizdan ishlab chiqilgan limfotrop viruslarni aniqlash usuli qon quyish stansiyalarida qon va plazmani testdan o‘tkazish uchun optimal hisoblanadi. Qisqa muddatlar ichida qon quyish stansiyalari laboratoriyalarini PZR-laboratoriyalar bilan jihozlash, qon plazmasini testdan o‘tkazishni limfotsitlar tarkibini testdan o‘tkazish usuli bilan almashtirish zarur. Bu donorlar qonini testdan o‘tkazishda yolg‘on salbiy natijalarni istisno qiladi va retsipiyentlarning viruslarni donorlar qoni va uning komponentlari orqali yuqtirishining oldini oladi.

«Limfotrop viruslarning yashash qobiliyatini baholash usuli» turli virusli omillarning ta'sirini baholashda viruslarning yashash qobiliyati saqlanishini yoki yo‘qolishini (inaktivatsiyasini) nazorat qilish metodi sifatida xizmat qilishi mumkin. Bundan tashqari, virusning xususiyatlarini yaxshiroq o‘rganish uchun tarkibida viruslar bo‘lgan biologik obektlar uzoq vaqt saqlanganida ularning yashash qobiliyatini baholash zarurati yuzaga keladi.

  • Ushbu metodni O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga joriy etish qanday amaliy natijalarga olib keladi?

“Limfotrop viruslarni aniqlash va ularning yashash qobiliyatini baholash usuli”ni sog‘liqni saqlash tizimi amaliyotiga joriy etish, birinchi navbatda, donorlarning qonini testdan o‘tkazishda yolg‘on salbiy natijalarni istisno qilishga hamda retsipiyentlarning viruslarni donorlar qoni va uning komponentlari orqali yuqtirishining oldini olishga xizmat qiladi. Ikkinchidan, bemorlarda HBV, HCV va HIV viruslarini diagnostika qilishning ishonchliligi oshadi, viruslarga qarshi terapiyaning samaradorligini nazorat qilish metodining ishonchliligi ortadi.

  • Kompaniyaning keyingi rejalari qanday?

Kompaniya o‘lchamlari kattaroq bo‘lgan asboblar va endoskoplarni sterillash uchun mo‘ljallangan qurilmani, tibbiy asboblardagi viruslar, zamburug‘lar va endosporalarni inaktivlashtirish uchun mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan qurilmani, steril asboblarni saqlash uchun mo‘ljallangan qurilmani yaratishni rejalashtirmoqda. Shuningdek qon plazmasidagi ehtimoliy viruslarni inaktivlashtirish uchun mo‘ljallangan qurilmani yaratish loyihasi ham ishlab chiqilmoqda.

Suhbatimiz yakunida “Limfotrop viruslarni aniqlash va ularning yashash qobiliyatini baholash usuli” xalqaro darajada e'tirof etilganini qayd qilishni istardim. “Limfotrop viruslarni aniqlash va ularning yashash qobiliyatini baholash usuli”ga O‘zbekistonda patent olingan bo‘lib, uchta ariza Yevropa patent idorasida ko‘rib chiqilmoqda.

Yaqinda biz O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ushbu metodni mamlakat sog‘liqni saqlash tizimiga, ayniqsa, qon quyish punktlari amaliyotiga joriy etish to‘g‘risidagi taklif bilan murojaat qildik, ijobiy javob olishga juda katta umid qilyapmiz.

Qurilmaning ishlashi haqidagi batafsil ma'lumotlarni bizning nmt.uz saytidan va (+998) 90−351−20−90 telefon raqami orqali olish mumkin.

Top