09:08 / 22.11.2018
3969

Ispaniya «xarxashasi». Mey Sanches bilan Brexit bo‘yicha bahsli masalani muhokama qildi

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey va uning ispaniyalik hamkasbi Pedro Sanches Buyuk Britaniyaning Yevropa ittifoqidan (YeI) chiqib ketganidan so‘ng Gibraltar maqomi to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Reuters Britaniya bosh vazirining idorasiga tayanib xabar bermoqda.

Hozirgi vaqtda muzokaralar tafsilotlari berilmagan.

Avvalroq, The Times gazetasi Ispaniya Gibraltar masalasida Britaniya va Yevropa ittifoqini shantaj qilayotgani haqida yozgandi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning ma'lum qilishicha, mamlakat Brexit bo‘yicha kelishuvni bloklab qo‘yishi mumkin. Bu agar unda Ispaniya hukumati Britaniya bilan Gibraltar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishi mumkin ekani ko‘rsatilmasa, yuz beradi.

Sanchesning qayd etishicha, Ispaniya hukumati 72 soat oldin Brexit bo‘yicha bitim loyihasida Gibraltar haqida tomonlarning muzokaralari mohiyati borasida so‘z yuritilmasligini aniqlagan. Uning eslatishicha, bo‘g‘oz Buyuk Britaniya tomonidan «taqdim etilgan», lekin «unga tegishli emas».

Top