10:56 / 22.11.2018
25484

Shumaxerning so‘nggi intervyusi e'lon qilindi

Foto: REUTERS

«Formula-1» yetti karra chempioni Mixael Shumaxerning saytida uning eng so‘nggi videointervyusi e'lon qilindi. Bu intervyu 2013 yil 30 oktabrda yozib olingan, sportchi boshidan jarohat olishidan avval.

Jurnalistlar bilan suhbatda pilot 2000 yilgi chempionatda g‘alaba qozongani, o‘shanda Ferrari jamoasiga 21 yil ichidagi birinchi sovrinni keltirgani eng katta hissiyotga aylanganini eslagan. Shumaxer «Formula-1»da ikki marotaba mag‘lub etgan finlyandiyalik Mika Xakkinenni eng munosib raqib, deb atagan.

Sportchining aytishicha, bolaligida pilotlardan emas, balki GFR futbol bo‘yicha termasi darvozaboni Toni Shumaxerdan hayratda qolgan. Shumaxer «Formula-1» tabiati haqida gapirar ekan, shunday degan: «Menimcha, har qanday holatdagi va har qanday hayotiy vaziyatdagi muvaffaqiyat jamoaviy ishlashga bog‘liq. O‘zing juda ko‘p ish qilishing mumkin, lekin jamoa bilan ancha kuchliroq bo‘lasan. «Formula-1» - jamoaviy sport turi. Men buning isbotiman».

Umuman olganda, Shumaxerning so‘zlariga ko‘ra, har qanday ishda muvaffaqiyatga erishish uchun iste'dod kerak, ammo bitta iste'dod bilan g‘alabani qo‘lga kiritish mumkin emas.

2013 yil dekabrida Shumaxer Alp tog‘lari yaqinidagi Meribel dam olish maskanida tog‘ chang‘isida uchish vaqtida yiqilib, bosh miya jarohatini oldi. Komaga tushgan poygachi Grenobl kasalxonasiga yotqizildi, u yerda bir nechta operatsiya o‘tkazildi. 2014 yil sentabridan buyon u Jyeneva ko‘li qirg‘og‘idagi villada tiklanmoqda.

Mavzuga oid
Top