18:48 / 23.11.2018
13912

Xususiy bandlik agentliklarini ro‘yxatga olish bo‘yicha sayt ishga tushdi

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi reestr.mehnat.uz saytini ishga tushirdi. Sayt orqali onlayn tartibda xususiy bandlik agentliklari reyestri va O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyat yuritish uchun litsenziya olishga hujjatlar havola etish kabi ikki xil turdagi xizmatdan foydalanish mumkin.

2018 yil 17 oktabrda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi  qonunga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha davlat monopoliyasi tugatildi. Endilikda mazkur faoliyat turi bilan xususiy tashkilotlar ham shug‘ullanishi mumkin. 

Qonunda, shuningdek, fuqarolarni O‘zbekiston hududida yoki tashqarisida ishga joylashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan har qanday faoliyat uchun xususiy bandlik agentliklarini ro‘yxatdan o‘tkazish va reestr.mehnat.uz sayti orqali reyestrga kiritish zarurligi nazarda tutilgan. Ta'kidlash joizki, xususiy bandlik agentliklari nomlanishida “XUSUSIY BANDLIK AGENTLIGI” so‘zlari bo‘lishi kerak.

Agarda xususiy bandlik agentliklari O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanadigan bo‘lsa, reestr.mehnat.uz sayti orqali litsenziya olishi, litsenziya olish uchun hujjatlarni topshirishi zarur. 

Lisenziya olish shartlari Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasida 50 ming AQSh dollarini zaxiralash hamda shtatda kamida ikki nafar xodimning bo‘lishi kabi talablardan iborat. Xususiy bandlik agentligi ustav fondining eng kam miqdori belgilanmagan.   

Qonunning qabul qilinishi ishga joylashtirish, shu jumladan, mehnat migratsiyasi bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan bozorni tartibga solishga, xususiy sektorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga, shuningdek, O‘zbekiston hududida va tashqarisida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan. 

Mavzuga oid
Top