11:44 / 24.11.2018
29162

Donetsk yaqinida urib tushirilgan «Boing»dagi 55 kishining qarindoshlari Rossiyani sudga berishdi

Foto: Viktor GUSeYNOV

Donetsk yaqinida qulagan Malayziyaning «Boing» samolyoti bortida bo‘lgan 55 kishining qarindoshlari Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga (IHeS) Rossiyaga qarshi da'vo arizasi bilan chiqishdi.

Qurbonlarning oilalari bildirishicha, Rossiya «Malayziya aviayo‘nalishlari» samolyotini urib tushirgan va keyinchalik halokat tafsilotlariga oid surishtiruvga xalaqit bergan.

Advokat Veyru Meva ma'lum qilishicha, qurbonlarning yaqinlariga ko‘ra, Rossiya Qo‘shma tergov guruhiga halokat haqida muhim ma'lumotlarni bermagan va tasdiqlanmagan dalillarni taqdim etgan. Meva da'vogarlar Rossiyadan tovon to‘lash talab qilishayotgani bo‘yicha masalaga aniqlik kiritmadi.

Advokatning fikriga ko‘ra, agar IHeS arizani qabul qilsa, u besh-yetti yil ichida ko‘rib chiqadi.

24 may kuni xalqaro tergov guruhi «Malayziya aviayo‘nalishlari» samolyotining halokatiga oid hisobotni taqdim etdi. Tergovchilarning ma'lum qilishicha, samolyotni urib tushirgan «Buk» zenit raketa majmuasi Kursk yaqinida joylashgan 53-zenit raketa brigadasi bazasidan yuborilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi bir necha bor samolyot halokatiga aloqador ekanini rad etdi. 17 sentabr kuni vazirlik rasmiylari «Boing» 1986 yilda Ukrainadagi harbiy qismga berilgan raketa yordamida urib tushirilganini ma'lum qilishdi.

2016 yil may oyida IHeSga aviahalokatda qurbon bo‘lgan, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Malayziyaning 16 nafar fuqarosi qarindoshlari Rossiyaga qarshi da'vo arizasi bilan chiqishdi. 33 nafar da'vogar 330 mln dollar miqdorida tovon puli talab qildi. 2017 yil iyun oyida yana 238 kishi - Niderlandiyaning 111 nafar fuqarosi qarindoshlari arizaga qo‘shildi.

Mavzuga oid
Top